“Suv chiqarish uchun mashinamni sotganman”: tog‘ bag‘rida bog‘ yaratgan so‘xlik otaxon
So‘xlik 84 yoshli otaxon Raufjon So‘fiyev suvsiz tashlandiq yerni obod qilib olmabog‘ yaratgan. 50 yil avval ko‘chatlar qurib qolavergach, ilojsizlikdan haydab turgan mashinasini sotib, tog‘ yonbag‘riga suv chiqargan edi. Mehnatlar o‘z samarasini berib, olmalar ayni paytda g‘arq pishgan. Daromadi ham o‘ziga yarasha.
“Taqir yerni o‘zlashtirishni boshlaganimda tanishlarim bu joylarda daraxt ko‘karmasligini aytib, ustimdan kulishgan edi. Endi esa ular bog‘ga olma yeyishga kelishadi”, – deydi Raufjon ota.
“Shu yerlarni bog‘ qilaman, deganimda og‘aynilarim ishonishmagan bu yerda suv bo‘lmasa, ariq bo‘lmasa, deb. Yerni tekislab, quvurda suv tortib kelib, bog‘ qildim. Odamlar soyasida dam olyapti, osh qilib yeyishyapti. Tashlandiq joy edi bu yerlar. Endi mana shunday ajoyib bog‘.
Birinchi daraxt ekkanimda uzoq masofadan suv tashib kelib quyganman. Keyin 2 kmga yaqin ariq qazidim. Keyinchalik yerni kengaytirib, 1,5 gektar bog‘ qildim. Bu yerda har xil turdagi olma bor. Odamlar mevamdan olib pul beradi, yo‘q deyman, olib borib yenglar, foyda qilinglar, keyingi yil berarsizlar, deyman.
Pulga qiziqqanim yo‘q. Qirg‘izlar ham kelib yeb ketadi. Savobi tegsa shuning o‘zi yetarli. Boy bo‘lishga harakat qilganim yo‘q.
Suv chiqarish uchun mashinamni sotganman. Quvur tortib, motor o‘rnatib, amallab suv chiqardim.
Maktabda o‘qib yurgan paytlarim kolxoz shifoxonasida usta bo‘lib ishga kirdim. Maktabni bitirguncha 3 yil ishladim. Keyin esa o‘qib kelib boshqa joylarda ishlaganman.
Avvallari Qirg‘izistondan ham suv kelardi. Lekin hozir suv biroz muammo bo‘lyapti. Suv bo‘lsa, bu bog‘larni yanayam kengaytirsa bo‘ladi. Ortimizdan yaxshi nom qolsa biz uchun sharaf”.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Asror Almuradov
Mavzuga oid
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
12:10 / 20.11.2024
O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslari 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelyapti
08:48 / 08.11.2024
Suv tannarxi oshib ketayotgan hududlar ma’lum qilindi
21:48 / 28.10.2024