11:29 / 16.11.2023
5059

“Bu texnik xatolik” – sud ishidan bir kun oldin imzolangan ajrim voqeasiga izoh berildi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Ahmadboydan musodara qilingan mulk bilan bog‘liq ishda ajrimni sud ishidan bir kun oldin imzolagani texnik xatolik bilan bog‘liq. Holat yuzasidan Sudyalar oliy kengashi rasmiy munosabat bildirdi. 

Foto: Yandex Maps

Kun.uz oldinroq fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Ikromjon Qurbanbayev 2023 yil 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud ishi ajrimini bir kun oldin, 12 oktyabr kuni imzolagani, uning ushbu harakati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi belgilangani haqida yozgandi.

 Sudyalar oliy kengashi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, bu texnik xatolik ekanligini ma’lum qildi.

“Kutilganidek, xizmat tekshiruvida holat tasdig‘ini topdi. Biroq bu sudya go‘yoki “sehrgar” ekanini anglatmaydi. Sodir bo‘lgan xatolik texnik xususiyatga ega bo‘lib, u og‘ir ish kuni yakunida sudya tomonidan ayrim (shu sanada qabul qilingan barcha sud hujjatlari bilan birga) “YeX-SUD” axborot tizimiga yuklash jarayonida yuz bergan. “Texnik xatolik” deya vaziyat xaspo‘shlanmoqda, deyishga shoshmang. Xizmat tekshiruvi jarayonida holat axborot kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassisi jalb qilingan holda o‘rganilganda e’tiroz-u shubhalarga sabab bo‘layotgan sud ajrimi elektron tizimga 2023 yil 13 oktyabr kuni soat 12:52-12:54 vaqt oralig‘ida yuklangani aniqlandi. “13” sanasi “12” tariqasida yozilgani esa, darhaqiqat, xatolik va u e’tiborsizlik oqibati.

 Albatta, e’tiborsizlikni oqlab bo‘lmaydi. Biroq shu va shu kabi juz’iy texnik xatolarga fuqarolik sudlarida ish hajmi va yuklamalar ko‘pligi ta’sir qilishi ehtimoli mavjudligini ham insof yuzasidan aytib o‘tish kerak. Bir necha kundan buyon “virtual sazoyi” qilinayotgan sudya faoliyati misolida aytilsa, o‘sha kuni u naq 13 ta fuqarolik nizosini ko‘rib chiqqan, yil boshidan buyon (1 yanvardan - 1 noyabrgacha) esa chekiga tushgan ishlar soni 3688 tani tashkil qiladi (shundan 1494 tasi da’vo tartibida ko‘rilgan fuqarolik nizolari bo‘lsa, 2194 tasi sud buyruqlaridir).

 Qisqasi, 3688 ta ishni o‘n oyga taqsimlab, kuniga nechta ish ko‘rayotgani hisobi chiqarilsa, sudyaning e’tiborsizligidan ko‘z yummagan holda, u qandaydir “sohibi karomat” emas, hech mubolag‘asiz har kuni qattiq (“tinkasi qurib” deyish to‘g‘riroq aslida) ishlayotgan mutaxassis ekaniga shubha qoladimi?!

Aytgancha, sudyaning go‘yoki “sehrgar” ekaniga “dalolat” qilayotgan ajrim hal qiluv qarori ijrosini vaqtincha to‘xtatish haqida edi-a? Ijro ishini to‘xtatib turishga oid arizalar o‘n kunlik muddatda taraflarni chaqirmagan va sud muhokamasi o‘tkazmagan holda ko‘rib chiqilishini ta’kid etgan holda asosiy gapga o‘tsak. E’tiborli holat shundaki, ijrosi to‘xtatilgan o‘sha hal qiluv qarori o‘z vaqtida ayni shu sudya (!) tomonidan qabul qilingan bo‘lib, yuqori bosqich sudlarida o‘zgarishsiz qoldirilgan: endiyam mazkur ajrim bilan bog‘liq shubhalarga o‘rin qolmas?! Nega desangiz, sudya ustidan sudda yutqazgan emas, aksincha, yutgan taraf shikoyat qilmoqda. Maylida, bu – uning huquqi...

 Ajrimning qonuniyligi alohida masala. Xizmat tekshiruvi sudyaning xatti-harakati doirasida bo‘lib, bu jarayonda u tomonidan qabul qilingan ajrimga huquqiy baho berish masalasi ko‘rib chiqilmagan. Negaki, ilgari ham ko‘p ta’kid etilganidek, faqat yuqori instansiya sudigina sud hujjatlariga huquqiy baho berish vakolatiga ega”, deyiladi rasmiy munosabatda

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda ajrimga nisbatan xususiy shikoyat keltirilgan bo‘lib, yaqin kunlarda u (xususiy shikoyat) ish hujjatlari bilan birga tegishli tartibda Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqiladi. 

Top