Kun.uz oldinroq Oliy sud kassatsiya instansiyasi Ahmadboy nomi bilan mashhur firibgarlik ishiga oid hukmga qisman o‘zgartirish kiritgani, bu Ahmadboydan davlat egaligiga o‘tkazilib, auksionda sotilgan mulk bilan bog‘liqligi haqida ma’lum qilgandi.
Maqola chop etilgandan so‘ng Oliy sud fuqaro B.Q.ning murojaati belgilangan tartibda o‘rganilayotgani, undagi vajlar va maqolada ko‘tarilgan masalalarga o‘rganish yakuniga yetgach, huquqiy baho berilishini bildirgandi.
Mazkur ish chigallashishda davom etmoqda.
Nizoli uy tarixi
2015 yilning avgust oyida fuqaro N.T. Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda joylashgan kvartirasini sotmoqchi bo‘ladi. Tanishi unga uyini sotib olish uchun mijoz topib berishini aytadi. “Makler” mazkur xonadonni 90 ming AQSh dollari evaziga Ahmadboyga sotadi va uy egasi N.T. ishtirokida notarial tartibda oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtiriladi.
Ammo “makler” Ahmadboydan ma’lum muddatga bo‘lib-bo‘lib olgan 90 ming dollarni uy egasiga bermasdan, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.
Ushbu xonadon 2019 yilda sud hukmi bilan Ahmadboyning boshqa mulklari qatori davlat egaligiga o‘tkazilgan hamda auksion savdolariga chiqarilgan. Qariyb 2 yil davomida xonadon bir necha marotaba auksionga qo‘yilgan, lekin sotilmagan.
Fuqaro B.Q. 2022 yil 27 aprel kuni o‘tgan takroriy onlayn auksion g‘olibi bo‘ladi va uyning pulini to‘liq to‘lab, mulkni o‘z nomiga hujjatlashtirib oladi. Biroq mulk egasi sifatida sotib olgan uyiga borib yashayolmaydi. Sababi, xonadonda uyni 2015 yilda Ahmadboyga sotgan N.T. istiqomat qilib kelmoqda. Yangi ega xonadonni bo‘shatib berishni so‘raydi, ammo sobiq ega uyni o‘z ixtiyori bilan bo‘shatishdan bosh tortadi.
“Koptok qilib tepilgan” ish
N.T. uydan chiqmagach, B.Q. ayolni majburiy tartibda chiqarish uchun sudga murojaat qilgan. Ishni 2022 yilning 22 avgust kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi ko‘rib chiqadi. Sud da’vo arizani qanoatlantirib, N.T.ni Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasi 12-uy 5-xonadondan majburiy tartibda ko‘chirish haqida hal qiluv qarori chiqaradi.










