21:03 / 03.12.2023
193398

«Baxti Tashkenskiy» qo‘lga olindi

O‘zbekiston huquq-tartibot organlari Toshkent shahrida «Baxti Tashkenskiy» laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va boshqa shaxslarni qo‘lga oldi. Bu shaxslar tahdid va kuch ishlatish yo‘li bilan pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan.

Toshkentda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan «Baxti Tashkenskiy» va «Baxti Yangiabadskiy» laqablari bilan tanilgan 52 yoshli Baxtiyor Zafarovich Qudratullayev qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

U Jinoyat kodeksining 165-modda 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik), 276-modda 2-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi (o‘ta yirik miqdorda tovlamachilik) bilan gumon qilinayotgan 43 yoshli Dilshod To‘lqinovich Sharipov va 51 yoshli Anvar Boborajabovich Mirzoxonov ham qo‘lga olindi.

Ushbu shaxslar tahdid va kuch ishlatish yo‘li orqali pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan.

Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi Baxtiyor Qudratullayev, Anvar Mirzoxonov va Dilshod Sharipov protsessual tartibda ushlangan. Tergov davom etmoqda. 

«Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu shaxslardan yoki guruh a’zolaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-45-69, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99-370-73-94 telegram raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi», deyiladi IIBB bayonotida. 

  • 2 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB poytaxtda huquq-tartibot idoralari tomonidan «ko‘cha bollari» va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandi. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgani qayd etilgan.
  • Ko‘p o‘tmay Toshkent shahrida «Saidaziz medgorodok» laqabi bilan tanilgan shaxs qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi. U atrofiga jismonan baquvvat shaxslarni to‘plab, qarzdorlik va boshqa muammolarni qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish bilan shug‘ullangan. 
Mavzu
Jinoyatchilikka qarshi tadbirlar
2023 yil noyabr oyining oxirida O‘zbekistonda, rasmiylar ta’rifiga ko‘ra, “kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlar” boshlandi.
Barchasi
Top