15:31 / 16.12.2023
18877

Kuvayt amiri vafot etdi

86 yoshda bo‘lgan Navof as-Saboh mamlakatni 2020 yildan buyon boshqarayotgandi. O‘shanda u akasi Saboh IV vafotidan keyin taxtni qabul qilib olgandi.

Foto: AA / ABACA / Vida Press

Kuvayt amiri shayx Navof al-Ahmad al-Jobir as-Saboh 86 yoshida vafot etdi. «Al-Jazira» telekanaliga ko‘ra, hukmdorning o‘limi haqida mamlakat televideniyesida xabar berilgan.

Uning o‘limi sababi keltirilmagan. Noyabr oyi oxirida amir sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli kasalxonaga yotqizilgani xabar qilingan edi.

Navof as-Saboh mamlakatni 2020 yildan buyon boshqarayotgandi. O‘shanda u akasi Saboh IV vafotidan keyin taxtni qabul qilib olgandi.

Endi taxtni uning ukasi, dunyodagi eng keksa valiahd shahzoda hisoblanuvchi 83 yoshli Mishal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh egallaydi.

  • As-Sabohlar sulolasi Kuvaytni XVIII asr o‘rtalaridan buyon boshqarib keladi. Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Saboh bu sulolaning o‘n oltinchi hukmdori va Kuvayt Buyuk Britaniya mustamlakasidan mustaqillikka erishganidan buyon oltinchi amiri edi.
Top