Jahon | 08:41 / 09.01.2024
11165
3 daqiqa o‘qiladi

Amerikaning Oyga missiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga bir baxya qoldi

Jamoa vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldi, biroq Peregrine qo‘nish modulining dvigatel tizimi ishlamay qolishi natijasida yonilg‘i yo‘qotildi.

Foto: NASA via AP

50 yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta Amerika kosmik kemasi yana Oyga qo‘nishi kerak, biroq missiya muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga bir baxya qoldi. 8 yanvar, dushanba kuni uchirilgan Oyga qo‘nuvchi Peregrine modulida dvigatelda muammolar yuzaga kelgan, deya xabar berdi Astrobotic Technologies ishlab chiqaruvchi-kompaniya. 

Uchirilganidan 48 daqiqa o‘tgach, qo‘nish moduli raketa-tashuvchidan muvaffaqiyatli ajralib chiqdi, ammo keyinchalik parvozni boshqarish markazi «anomaliya»ni payqab qoldi, uning natijasida apparat Quyoshga to‘g‘ri yo‘naltirilmadi va akkumulyatorni quvvatlantira olmadi. Dvigatel tizimidagi muammolar 23 fevralga rejalashtirilgan Oyga yumshoq qo‘nishga to‘sqinlik qilishi mumkin. 

Natijada, «improvizatsion manyovr» yordamida mutaxassislar qo‘nish modulini akkumulyatorni quvvatlantirish uchun kerakli tomonga burishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq dvigatel tizimining nosozligi yonilg‘i jiddiy yo‘qotilishiga olib kelgan, deb xabar berdi Astrobotic Technologies. Jamoa yo‘qotishlarni barqarorlashtirish va iloji boricha ko‘proq ma’lumot to‘plash ustida ishlamoqda. Bundan tashqari, Astrobotic Technologies ushbu missiya doirasida yana qanday maqsadlarga erishish mumkinligini o‘rganmoqda. 

Oyga birinchi xususiy missiya

Missiya NASA’ning Astrobotic Technologies bilan Oyga tijorat yuklarini yetkazib berish dasturi bo‘yicha shartnomasi asosida amalga oshirilyapti. Dastlab qurilma 23 fevralda qo‘nishi rejalashtirilgan edi – bu holda Astrobotic Technologies Yer yo‘ldoshiga muvaffaqiyatli qo‘ngan birinchi xususiy kompaniyaga aylangan bo‘lardi. Modul yo‘ldosh yuzasining radiatsiyasi va tarkibini tahlil qilish uchun Oyga ilmiy asboblarni yetkazishi hamda shu orqali astronavtlarning qaytishiga yo‘l ochishi kerak. 

Bundan tashqari, Peregrine bortida 151 ta maxsus kapsula mavjud - ular «Oy qutichalari» deb ataladi. Ularda butun dunyodagi odamlarning esdalik sovg‘alari mavjud. Bir nechta shunday posilkalar Germaniyaning DHL logistika kompaniyasi tomonidan yuborilgan. 

Mavzuga oid