O‘zbekiston | 17:11 / 09.03.2024
20204
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘ldan qo‘lga o‘tayotgan Yoshlar ko‘li: Xayrullo Bozorovning noqonuniy qarori birinchisi emasligi ma’lum bo‘ldi  

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahridagi Yoshlar ko‘li hududini 2023 yil noyabr oyida ham faoliyati ulgurji savdo bo‘lgan 5 oylik firmaga 4 ta 7 qavatli otel apartament, zamonaviy ekspo markaz, Xitoy va Yevropa restoranlari qurish uchun berib yuborgan. Biroq ko‘l hududi ko‘p o‘tmay qaytarib olingan hamda 2024 yil yanvar oyi oxirida boshqa firmaga berilgan.

Foto: Kun.uz

Farg‘ona shahri markazidagi Yoshlar ko‘lining 2,2 gektarlik hududi 2023 yilda ham 5 oylik firmaga berib yuborilib, ko‘p o‘tmay qaytarib olingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimining qarori qabul qilingan.

Xayrullo Bozorovning 2023 yil 29 noyabrdagi qarori bilan Yoshlar ko‘li hududi “Polatov steel” MChJga doimiy muddatga foydalanish huquqi bilan biriktirib berilgan.

Qarorga ko‘ra, MChJga Yoshlar ko‘li bino-inshootlariga 60 mlrd so‘m investitsiya kiritish, 4 ta 7 qavatlik otel apartament, zamonaviy ekspo markazi, Xitoy va Yevropa restorani hamda zamonaviy plyaj loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, 200 dan kam bo‘lmagan yangi ish o‘rinlari yaratish sharti qo‘yilgan.  Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi va  Farg‘ona shahar hokimligiga obektga biriktirib berilgan yer maydoniga aniqlik kiritish hamda tegishli tartibda kadastr hujjatlarini tayyorlash topshirilgan. 

Ammo 2023 yilning 12 dekabriga kelib viloyat hokimi o‘z qarorini bekor qilish haqida qaror qabul qilgan. Unda ta’kidlanishicha, “Polatov steel” MChJ hokimlikka xat bilan murojaat qilib, moliyaviy ahvoli barqaror emasligini bildirgan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “Polatov steel” MChJ 2023 yilning 31 may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bor-yo‘g‘i 100 ming so‘mlik ustav kapitaliga ega bo‘lgan MChJ ta’sischisi 100 foizlik ulush bilan Rustam Jo‘rayev hisoblanadi.

Rustam Jo‘rayev 2021 yil Farg‘onadagi ilk holding deya shov-shuv qilingan “MARAFON GROUP” holdingi asoschilaridan biri sifatida ko‘ringan.

Ammo “MARAFON GROUP” loyihasi nima ekani haqida odamlar tuzukroq ma’lumot olmasidan turib jimib ketishgan.  

Kun.uz “Polatov steel” MChJ ta’sischisi Rustam Jo‘rayev bilan bog‘lanib, Yoshlar ko‘li bilan bog‘liq holatga izoh olishga urinib ko‘rdi. Ammo qayta qo‘ng‘iroq qilishini aytgan Jo‘rayev  shu tariqa tahririyat bilan bog‘lanmadi.

Ma’lumot uchun, Farg‘ona viloyati hokimining 2023 yil 22 maydagi qarori bilan Toshloq tumani Qanjirg‘a mahallasida joylashgan, foydalanilmay turgan bino va inshootlar 1,5 mlrd so‘mlik investitsiya kiritib, tikuvchilik faoliyatini tashkil etish uchun 11 kunlik, 2023 yil 27 noyabrdagi qarori bilan Farg‘ona shahri Universitet ko‘chasidagi joylashgan bino va inshootlar 2,5 mlrd so‘mlik investitsiya kiritish sharti bilan 16 kunlik firmaga doimiy foydalanish huquqi bilan biriktirib berilgan. Shuningdek, viloyat hokimining 2024 yil 15 fevraldagi qarori bilan Qo‘qon shahri hududidagi 5 ta sobiq suv inshooti tikuvchilik sexi, klinika markazi, sog‘lomlashtirish markazi tashkil qilish uchun 2023 yil 20 noyabrdagi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan MChJga berilgan.      

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz oldinroq Xayrullo Bozorovning qaroriga ko‘ra Farg‘ona shahri markazidagi Yoshlar ko‘li mehmonxona, restoran, savdo majmuasi hamda ko‘p qavatli turar joy binolari qurish uchun tashkil etilganiga 24 kun bo‘lgan “Unays building” MChJga doimiy foydalanish huquqi asosida biriktirib berilgani yuzasidan surishtiruv e’lon qilgandi

Surishtiruvdan so‘ng Farg‘ona viloyati hokimining qarori ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘ldi hamda faollar Yoshlar ko‘li farg‘onaliklarga qaytarilishi kerakligi haqida yozishdi.

Mazkur holatdan so‘ng Davaktiv agentligi tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, Yoshlar ko‘lining doimiy foydalanish huquqi asosida biriktirib berilishida bir qator qonun talablari buzilganini aniqladi hamda ko‘l Sport vazirligiga qaytarilishini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay esa Farg‘ona viloyati hokimining qarori bekor qilindi

Mavzuga oid