18:32 / 23.03.2024
19066

Qirg‘iziston rahbariyatiga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgan ozarboyjonliklar qo‘lga olindi

Ular jinoiy muhitni mustahkamlash va «o‘g‘rilar» mafkurasini targ‘ib qilish, shuningdek, o‘z mavqeini oshirish maqsadida Qirg‘izistonga borgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi

Qirg‘izistonda mamlakat rahbariyatiga suiqasd uyushtirishni rejalashtirgan xalqaro uyushgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda Vesti.kg mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib xabar berdi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlarining ma’lum qilishicha, uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatini aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xalqaro jinoiy guruhga a’zo bo‘lgan 5 nafar Ozarboyjon fuqarosi qo‘lga olingan: Aliyev V.M., Bagirov S.A., Asgarov M.O., Bexbudov M.S., Mammadov Z.I.

Qayd qilinishicha, Asgarov M.O. jinoiy dunyoda «daydi» atalmish maqomga ega. U jinoiy muhitni mustahkamlash va «o‘g‘rilar» mafkurasini targ‘ib qilish, shuningdek, o‘z mavqeini oshirish maqsadida Qirg‘izistonga sheriklari bilan kelib, mamlakat rahbariyatiga suiqasd uyushtirishni rejalashtirgan.

«Ularning jinoiy rejalari davlatning uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi faol kurash siyosati bilan bog‘liq», deb aniqlik kiritdi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi.

Xususan, ularning jinoiy rejalari mahbuslar, mahkumlar va ozodlikdagi shaxslar o‘rtasida jinoiy mafkuradan ommaviy voz kechish, davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash fonida yuzaga kelgani, bu holat bunday munosabat oqibatlaridan qo‘rqqan xorijlik jinoiy yetakchilarning noroziligiga sabab bo‘lgani ta’kidlanmoqda.

Mavzuga oid
Top