10:23 / 05.04.2024
12151

Angren shahar IIB JQB xodimi giyohvand modda savdosiga aralashgani uchun qamoqqa olindi

Dastlabki surishtiruvlarda jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi giyohvand moddani sherigi bilan sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, xodim va uning sherigi qamoqqa olingan.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, 2024 yil 3 mart IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Angren shahrida “Qoradori-24” tadbiri o‘tkazilgan.

Tadbirda Angren shahar IIB TQH jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili R.Yu. boshqaruvida bo‘lgan Cobalt mashinasi ko‘zdan kechirilganda 4 dona qog‘oz o‘ramda bo‘lgan giyohvand moddaga o‘xshash saqichsimon modda topilgan.

2024 yil 4 aprel kuni o‘tkazilgan sud-kimyoviy ekspertizasi xulosasida ushbu modda gashish giyohvand moddasi ekani aniqlangan.

Dastlabki surishtiruvda tezkor vakil sherigi fuqaro Sh.J. bilan giyohvand moddani sotish uchun saqlab kelayotgani aniqlangan.

Holat yuzasidan R.Yu. va fuqaro Sh.J.ga nisbatan Angren shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi, 3 qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tezkor xodim va uning sherigiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi “b” bandi ( bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik uchun 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Top