21:24 / 18.04.2024
10934

Rossiya Ukrainaning issiqlik energetikasini deyarli to‘liq yakson qildi - Zelenskiy

Rossiyaning raketa zarbalari oqibatida Ukraina issiqlik orqali elektr generatsiya qiluvchi deyarli barcha obektlarini yo‘qotib bo‘ldi. Bu haqda 17 aprel kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa kengashi yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

“Rossiya bizning issiqlik elektr generatsiyamizni deyarli to‘liq yo‘q qilib bo‘ldi”, – dedi YeK yig‘ilishida onlayn qatnashgan Zelenskiy

Uning so‘zlariga ko‘ra, dambalar va GESlar, shuningdek, gaz infratuzilmasi ham Rossiya zarbalari ostida qolmoqda.

“Qolaversa, ko‘rib turibmizki, Rossiya radiatsiyaviy shantajdan voz kechmayapti, xususan, Zaporijjya atom stansiyasi bilan yovvoyilarcha o‘ynashishda davom etyapti. Biz boshqa atom stansiyalari va taqsimlash tarmoqlari ham Rossiya terrori tahdidi ostida ekanini istisno qilmaymiz.

Buni faqat sizlardagi havo hujumidan mudofaa kuchlari – Patriot, IRIS-T, SAMP/T, NASAMS orqaligina to‘xtatish mumkin. Ular bizga hoziroq kerak. Toki Putin terroristik metodlarga umid bog‘lash odatidan mahrum bo‘lsin. Qolaversa, bu sizning ham xavfsizligingiz uchun kerak”, – dedi Ukraina prezidenti.

Volodimir Zelenskiy mamlakat armiyasiga artilleriya snaryadlari, texnikalar va dronlar ham yetishmayotganini aytdi.

“Hammasi frontni ushlab turish uchun. Hozir Rossiya armiyasi o‘zini harbiy jihatdan har tomonlama kuchli his qilyapti. Ayni shu ustunlik – artilleriyalar, texnikalar, havoda harakatlanish imkoniyatlari tufayli ular bizga frontda bosim o‘tkazishyapti va sekin-asta siljishyapti. Putin hozir qarshi hujumni muvaffaqiyatli uddalashiga umid qilyapti va bu umidning yagona ildizi – bizning qo‘shinlarimizdagi qurol-yarog‘ yetishmovchiligidir”, – dedi u.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Ukrainlar yetakchisi qo‘shimcha Patriot tizimlari va HHM uchun raketalar yetkazib berish bo‘yicha tezkor qaror qabul qilgani uchun Germaniya bosh vaziri Olaf Sholsga minnatdorchilik bildirdi. “Olaf, bunday tezkorlik uchun sendan minnatdorman”, – dedi u.

Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel YeI Ukrainaga harbiy yordamni oshirishini ma’lum qildi. “Bizga ko‘p so‘zlar kerak emas, bizga ko‘proq harbiy texnika kerak – ularga kerak!” – dedi u yig‘ilishdan keyin jurnalistlar bilan suhbatda. Sharl Mishelning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga yangi qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib berish “oylar emas, balki kunlar va haftalar masalasidir”.

  • Rossiya qo‘shinlari bahorning boshidan buyon yana Ukrainaning energetika tizimlariga hujumlar qila boshladi. Xususan, Xarkiv oblastidagi Zmiyevsk IESga jiddiy zarar yetkazildi, keyinchalik Kiyev va boshqa oblastlarga elektr energiyasi yetkazib beruvchi eng yirik stansiya – Tripolskaya IES yakson qilindi. Zelenskiy bunga izoh berarkan, Ukrainada Rossiya hujumlarini qaytarish uchun havo hujumidan mudofaa snaryadlari qolmaganini aytdi.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top