Nyu-York meri saylovoldi kampaniyasi uchun xorijiy davlatlardan pul olishda gumonlanmoqda. Ular orasida O‘zbekiston ham bor
O‘zbekiston - Adams tashrif buyurmagan yagona mamlakat sifatida mazkur davlatlar orasida alohida o‘rin tutadi.
Nyu-York shahri meri Erik Adams 2021 yilgi saylov kampaniyasi uchun xorijiy mamlakatlardan mablag‘ olganlikda gumonlanib, federal tergovchilar diqqatini tortdi. 2023 yil noyabr oyida mer alohida federal tekshiruv doirasida telefonlarini topshirgandi. Ushbu tekshiruv uning 2021 yilgi saylov kampaniyasi Turkiya fuqarolari va davlat amaldorlaridan noqonuniy xayr-ehsonlar olgan-olmaganligini aniqlashga qaratilgan.
Eyewitness News nashri tasdiqlashicha, tekshiruv Adamsning nafaqat Turkiya, balki Isroil, Qatar, Xitoy, Janubiy Koreya va O‘zbekiston bilan aloqalarini ham qamrab olgan. O‘zbekiston — Adams tashrif buyurmagan yagona mamlakat sifatida mazkur oltita davlat orasida alohida o‘rin tutadi.
Tergovchilar 2021 yilgi saylovlar oldidan Adamsning saylovoldi shtabi chet eldan noqonuniy xayriya mablag‘larini olish maqsadida Turkiya hukumati bilan til biriktirgan yoki yo‘qligini aniqlashga harakat qilmoqda. Bundan tashqari, merning xavfsizlik muammolariga qaramay, baland binoli yangi turk konsulxonasi qurilishini ma’qullash uchun o‘t o‘chirish xizmatiga tazyiq o‘tkazgani haqidagi gumonlar ham o‘rganilmoqda.
Hozirda prokurorlar yana beshta davlat — Isroil, Xitoy, Qatar, Janubiy Koreya va O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikka oid qo‘shimcha ma’lumotlarni qidirmoqda.
Har qanday huquqbuzarlikni inkor etayotgan mer Adams Bronksdagi jamoatchilik bilan uchrashuvda uning ma’muriyati bor e’tiborini shaharga xizmat ko‘rsatishga qaratganini aytdi.
“Nyu-York shahrining o‘z ishiga fidoyi bo‘lgan bu jamoasi shahar tarixidagi eng xilma-xil ma’muriyatlardan biri hisoblanadi. Ular barchamizga yaxshi ma’lum vazifani bajarish yo‘lida bizni oldinga yetaklashda davom etmoqda”, — dedi Adams.
Xabarga qo‘shimcha qilinishicha, mer Adams ma’muriyatining yana bir yuqori martabali amaldori iste’foga chiqyapti. Nyu-York shahar sog‘liqni saqlash bo‘yicha komissari, doktor Eshvin Vasan dushanba kuni iste’foga ariza berdi va yil oxirigacha o‘z lavozimini tark etadi.
U Adams ma’muriyatiga nisbatan davom etayotgan federal tergov tufayli emas, balki shaxsiy sabablarga ko‘ra lavozimini tark etayotganini aytgan.
Mavzuga oid
10:19 / 03.12.2024
Ruminiyada prezidentlik saylovlari birinchi turi natijalari tasdiqlandi
17:33 / 02.12.2024
Yana London - dunyoning eng yaxshi shaharlari e’lon qilindi
15:11 / 02.12.2024
Islandiyadagi saylovlarda sotsial-demokratlar g‘alaba qozondi
10:42 / 02.12.2024