Appleʼning sun’iy intellekt funksiyasi yolg‘on sarlavha bilan xabar tarqatdi
Apple Intelligence funksiyasi qotillikda gumonlanayotgan shaxsga oid xabar sarlavhasini noto‘g‘ri tuzganidan keyin Amerika texnologik gigantiga shikoyat kiritildi. Korporatsiyadan ushbu funksiyani o‘chirib tashlash so‘ralmoqda.
Jurnalistlarni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi yirik tashkilot Apple kompaniyasini AQShdagi shov-shuvli qotillik haqida yolg‘on sarlavha tuzgan sun’iy intellektning yangi generativ funksiyasidan voz kechishga chaqirdi, deb xabar beradi BBC.
Qayd etilishicha, sun’iy intellektdan bildirishnomalarni umumlashtirish va guruhlashtirish bilan shug‘ullanuvchi Apple Intelligence funksiyasi qotillikda gumonlanayotgan Luiji Manjonega oid xabar sarflavhasini noto‘g‘ri tuzganidan keyin Amerika texnologik gigantiga shikoyat kiritilgan.
Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan xabar BBC News tibbiy sug‘urta kompaniyasi direktori Brayan Tompsonni o‘ldirishga ayblanayotgan Manjone o‘z joniga qasd qilgani to‘g‘risida maqola e’lon qilgandek taassurot uyg‘otgan. Aslida esa bunday bo‘lmagan.
Shu bois «Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) tashkiloti Appleʼdan SIning mazkur funksiyasini o‘chirib tashlashni talab qildi. Apple esa hozircha holatga hech qanday izoh bermadi.
O‘tgan hafta Buyuk Britaniyada Apple Intelligence ishga tushirilgan edi. «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti sun’iy intellekt vositalarining «OAVga tug‘diradigan xavflaridan xavotirda ekanini» ma’lum qildi.
Tashkilotga ko‘ra, BBC bilan yuz bergan voqea «generativ sun’iy intellekt servislari jamoatchilikka ishonchli ma’lumotlarni taqdim etadigan darajada hali takomillashmaganini» ko‘rsatmoqda.
«RSF Apple kompaniyasini mas’uliyat bilan harakat qilishga va ushbu funksiyasini o‘chirib tashlashga chaqiradi. Ommaviy axborot vositalariga tegishli noto‘g‘ri ma’lumotlarning avtomatlashtirilgan tarzda taqdim etilishi OAV obro‘siga putur yetkazadi va aholining dolzarb voqealar haqida ishonchli ma’lumot olish huquqiga tahdid soladi», — deyiladi murojaatda.
Mavzuga oid
16:32 / 19.12.2024
Xitoy banklari xodim tanlashda sun’iy intellektdan tobora ko‘proq foydalanmoqda
18:44 / 17.12.2024
iPhone va Samsung foydalanuvchilarining aksariyati sun’iy intellektni foydali deb hisoblamaydi
18:13 / 12.12.2024
Apple sun’iy intellekt funksiyalarini olgan iOS 18.2 tizimini chiqardi
14:20 / 09.12.2024