Jahon | 20:51 / 03.01.2025
7819
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy janubdagi daryolarini shimolga burish loyihasini amalga oshirmoqda

Suv resurslarining nomutanosibligi, janubda suv toshqinlari va shimolda qurg‘oqchilikdan aziyat chekilayotganligi sababli, Xitoy bunga jiddiy kirishgan.

Foto: iStock

Xitoy o‘z tarixidagi eng yirik infratuzilma loyihasini — daryolar o‘zanini janubdan shimolga burish jarayonini amalga oshirmoqda, deb yozdi Interesting Engineering. Qayd qilinishicha, xitoyliklar buning uchun juda jiddiy motivatsiyaga ega.

Suv resurslarining nomutanosibligi, janubda suv toshqinlari va shimolda qurg‘oqchilikdan aziyat chekilayotganligi sababli, Xitoyda suvni keng miqyosda qayta taqsimlash g‘oyasi birinchi marta 1952 yilda Mao Tszedun tomonidan taklif qilingan edi. Biroq, mamlakat uni faqat 2002 yilda amalga oshirishga kirishdi va 2050 yilda yakunlashni rejalashtirmoqda.

Daryolarni janubdan shimolga burish loyihasi uchta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga oladi, ularning har biri Xitoyning suv resurslarini samarali boshqarish uchun turli geografik va logistika muammolarini bartaraf etishga qaratilgan.

Markaziy marshrutga Xan daryosidan Pekinga olib boradigan 1264 kilometrlik kanal kiradi. «Buyuk Akveduk» deb atalayotgan bu kanal Xitoy poytaxtiga doimiy suv yetkazilishini ta’minlash uchun bir qator to‘g‘onlardan foydalanadi.

Sharqiy yo‘nalish Yanszi daryosidan suvni Tyanjin kabi shimoliy shaharlarga yo‘naltiradi. Gravitatsion markaziy yo‘nalishdan farqli o‘laroq, Sharqiy yo‘nalishda suvni o‘nlab nasos stansiyalari ko‘taradigan joylar mavjud bo‘lib, ular qadimiy muhandislik va zamonaviy texnologiyalarning murakkab kombinatsiyasini aks ettiradi.

G‘arbiy yo‘nalish Tibet platosi yaqinidagi Yi daryosi suvini Ichki Mo‘g‘uliston, Tsinxay va Gansuning qurg‘oqchil hududlariga burishni nazarda tutadi. Biroq, bu yo‘nalish qurilishi jiddiy ekologik va siyosiy muammolar tufayli hali boshlanmadi.

Markaziy va Sharqiy yo‘nalishlar Xitoyning iqtisodiy xavfsizligi va o‘sishi uchun muhim ahamiyatga ega, ayniqsa ular hayotiy muhim suv resurslarini Pekin kabi muhim sanoat va siyosiy markazlarga yo‘naltiradi. Biroq, loyihaning muxoliflari ham yo‘q emas, ayniqsa janubiy viloyatlarda iqlim o‘zgarishi tufayli suv ta’minoti kamayib borayotganidan xavotirlar kuchaymoqda.

Hukumat yirik siyosiy va sanoat markazi bo‘lgan Pekinni o‘z ichiga olgan qurg‘oqchil shimoliy mintaqani qo‘llab-quvvatlashning strategik ehtiyojini ta’kidlab, suvning katta burilishini oqlamoqda. Loyiha tugallangach, har yili suvga boy janubdan chanqoq shimolga 45 milliard kub metr suv yetkazilishi kerak.

Loyiha tabiiy ekotizimlarni, ayniqsa ko‘llar va daryo irmoqlariga tayanadigan Sharqiy yo‘nalish bo‘ylaridagi ekologik holatni salbiy tomonga o‘zgartirdi. Bu buzilish suv hayotiga, ayniqsa baliq populyatsiyasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqari, yuz minglab xitoyliklar yangi joylarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi. Ko‘pchilik buni ikkinchi marta bajardi, avvalroq, ular «Uch dara» to‘g‘oni qurilishi paytida ko‘chirilgan edi.

70 milliard dollarlik narx va o‘n yillik ishlarga qaramay, loyihaning uzoq muddatli hayotiyligi so‘roq ostida turibdi. Yuqori operatsion xarajatlar va jiddiy ekologik va ijtimoiy muammolar loyiha Xitoyning suv tanqisligi muammosiga amaliy yechim bo‘ladimi degan savollarga sabab bo‘lgan.

Tanqidchilarning ta’kidlashicha, loyiha Xitoydagi suv inqirozining asosiy sabablarini hal qilishdan ko‘ra, alomatlarga qaratilgan. Shimolda suvdan, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi uchun ortiqcha va ko‘pincha samarasiz foydalanish asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. Qo‘shimcha suvni yo‘naltirish shunchaki samarasiz iqtisodiy amaliyotlarni davom ettirishi, zarur islohotlarni qabul qilishni kechiktirishi mumkin.

Mavzuga oid