Jahon | 12:46 / 06.01.2025
4793
10 daqiqa o‘qiladi

Aholisi qisqarayotgan G‘azo, Ukrainaning Kurskdagi siljishlari va Xitoyda tarqalayotgan metapnevmovirus - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Ikkinchi yildirki, Isroil zulmi ostida qolgan G‘azo sektorida demografik halokat ham yuz bermoqda — sektor aholisi soni 160 ming kishiga, ya’ni umumiy aholining 6 foiziga qisqargan.

Isroil zarbalari tufayli sektorda 45 ming 500 kishi halok bo‘lgani qayd etilgan. Ular orasida har uchinchisi — voyaga yetmagan bola, har to‘rtinchisi — ayol kishi. 11 ming kishi bedarak yo‘qolgan, ularning taqdiri noma’lum. 100 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Ayni paytda G‘azo sektorida hozir 2,1 million odam yashamoqda, ularning har ikkinchi nafari yaralangan yoki yaqinlarini yo‘qotgan. BMT nizoni to‘xtatishni talab qilishiga qaramasdan, jangovar harakatlar davom etmoqda.

Isroil hujumi natijasida o‘z oyog‘idan ayrilgan falastinlik shifokor doktor As-Saidiy ishga qaytdi. Amputatsiyadan keyin olti oy o‘tib, u «Al-Aqso shahidlari» shifoxonasining bolalar shoshilinch yordam bo‘limidagi 23 yillik missiyasini davom ettirishga qaror qildi. Hozir u protez bilan bolalarni davolashni davom ettirmoqda.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Isroil armiyasining tungi hujumlari natijasida 28 falastinlik, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Yana 14 kishining taqdiri noma’lum.

G‘azo shahrining Sho‘’joiya tumanida Semara oilasi uyiga uyushtirilgan havo hujumi 11 kishining halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi, bir necha kishi yaralandi. Xon Yunus shahridagi Salohiddin ko‘chasida harakatlanayotgan transportga qilingan hujumda olti kishi hayotdan ko‘z yumgan. Shuningdek, majburan ko‘chirilgan odamlarning chodirlariga qilingan hujumda ikki kishi halok bo‘lgan, ko‘plab odamlar yaralandi.

G‘azo markazidagi Ad-Durj tumanida Shavbakiylar oilasiga tegishli uyiga hujumida xonadon sohibi va uning homilador rafiqasi doxil uch kishi halok bo‘ldi.

Isroilning harakatlaridagi genotsid niyati

Amnesty International xalqaro huquqni himoya qilish tashkiloti Isroilning falastinlik doktor Abu Safiyani qamoqda saqlashi va G‘azo sektorida sog‘liqni saqlash tizimini yo‘q qilishga urinishlarini «genotsid niyati» sifatida baholadi.

Shanba kuni Isroil qo‘shinlari G‘azo shimolidagi ikki shifoxona — Indoneziya shifoxonasi va hujum xavfi ostidagi «Al-Auda» shifoxonasini evakuatsiya qilishni talab qildi. Indoneziya shifoxonasi oldingi hujumlarda jiddiy zarar ko‘rgan edi.

Amnesty International tashkiloti dekabr oyi boshida chiqargan 296 sahifali hisobotida Isroilning G‘azodagi harakatlari Genotsid to‘g‘risidagi Konvensiyaga zid ekanini va bu harakatlar falastinliklarni yo‘q qilish niyati bilan amalga oshirilganini qayd etgan.

Hisobotda yuqori martabali 22 isroillik amaldorning genotsidga qaratilgan bayonotlari hujjatlashtirilgan. Shuningdek, videomateriallarda Isroil qo‘shinlari Falastin uylari, masjidlari va ta’lim muassasalarini vayron qilganidan xursandchilik bildirgani aks etgan.

Amnesty International Isroil tomonidan amalga oshirilgan 15 aviahujumni misol qilib ko‘rsatdi. Ularda 334 kishi, jumladan, 141 bola halok bo‘lgan. Hisobotga ko‘ra, bu hujumlarda harbiy maqsad borligini ko‘rsatuvchi hech qanday dalil aniqlanmagan.

UNRWA faoliyati davom etadi

BMTning Falastin qochqinlariga yordam agentligi (UNRWA) G‘azo sektori va G‘arbiy Sohildagi faoliyatini to‘xtatishi haqidagi xabarlarni rad etdi. UNRWA vakillari agentlik o‘z majburiyatlarini bajarishda davom etishini va hozirgi sharoitda ham faoliyatini to‘xtatmasligini ta’kidladi.

Avvalroq The New York Times gazetasi Isroil qonunlari sabab UNRWA o‘z ishini to‘xtatishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Isroilning yangi qabul qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, agentlik faoliyati va Isroil hukumati xodimlari bilan har qanday hamkorlik taqiqlanadi. Bu qonun 4 hafta ichida kuchga kiradi. Buning oqibatida G‘azo sektorida humanitar yordam tizimi izdan chiqishi mumkinligidan xavotirlar bildirilmoqda.

Isroil UNRWA va uning xodimlarini HAMAS bilan bog‘lashga urinishda davom etmoqda, ammo hozirgacha bu ayblovlarga hech qanday dalil taqdim qilinmagan.

Terrorsiz kelajakka intilayotgan Turkiya

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an kuch va zo‘ravonlik davri tugaganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, terrorizmga qarshi kurash Turkiyaning ustuvor maqsadi bo‘lib, bu yo‘lda barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Turkiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat terrorizm muammosini hal qilib, «Turkiya asri»ga tezroq yetib borishni maqsad qilgan. Uning fikricha, bugungi kunda ayirmachi terrorchilik tashkilotlari juda zaiflashgan va ularning qo‘llovchilari kam qolgan. Erdo‘g‘an: «Ular o‘z tuzilmalarini tarqatishdan boshqa yo‘l topa olmaydi», dedi.

Turkiya rahbari mamlakat kelajagini zo‘ravonlik, ziddiyat va beqarorlikdan xoli jamiyatda ko‘radi. Uning ta’kidlashicha, hozirda hukumat murakkab va chuqur o‘ylangan siyosat yuritib, terrorizmni batamom yo‘q qilishni ko‘zlamoqda.

Ukrainaning Kurskdagi siljishlari

Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk oblasti hududida yangi hujum harakatlarini boshladi. Bu haqda avval rossiyaparast Z harbiy blogerlar, so‘ngra Ukraina rasmiylari ma’lum qilishdi. Rossiya mudofaa vazirligi vakillari Kurskka yo‘l olgan.

Rossiyaparast bloger Roman Alyoxinning yozishicha, Ukraina qo‘shinlari Sudja hududidan shimol-sharq tomon harakatlana boshlagan va asosiy maqsadlari Katta Soldatsk yaqinidagi uchastkalarni egallash.

«Hujum davomida raqib mina portlatuvchi trallar, tanklar va boshqa zirhli texnikadan foydalanmoqda. Bu hudud radioelektron kurash tizimlari bilan kuchli himoyalangan, buning hisobiga ko‘plab dronlar foydasiz bo‘lib qoldi», — deb yozgan bloger o‘z Telegram kanalida.

Shuningdek, ZERGULIO va WarGonzo kabi Z kanallar Ukraina tomonidan radioelektron kurash tizimlarining keng qo‘llanayotganini tasdiqladi. «Hech qanday pilotsiz parvoz qurilmasi faoliyat ko‘rsata olmayapti, hudud to‘liq radioelektron kurash tizimi bilan qoplangan. Tank va bronetexnikalar jadal harakatlanmoqda», — deydi harbiy kuzatuvchilar.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andriy Yermak kuchlar harakatini tasdiqlab, hujum boshlanganini ma’lum qildi.

Rossiyani yadro ishlatishdan qaytargan Xitoy

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Financial Times nashriga bergan intervyusida Rossiyaning Ukraina urushi chog‘ida yadro qurolidan foydalanish ehtimolidan Amerika jiddiy tashvishlanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu ssenariyni muhokama qilgan bo‘lishi mumkin.

Blinken «Hatto ehtimol 5 foizdan 15 foizga oshgan bo‘lsa ham, bu juda jiddiy masala», — dedi. Uning ta’kidlashicha, Vashington Moskvadan kelayotgan tahdidlarni jiddiy qabul qilgan.

Davlat kotibi Xitoyning bu masalada AQShga yordam bergan bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, Pekin Moskvaga yadro qurolidan foydalanishga qarshi ogohlantirish bergan. Bu AQShning Rossiyaning yadro qurolini kosmosda joylashtirish rejalari haqida Xitoyga ma’lum qilganidan keyin sodir bo‘lgan.

«Bizda Xitoy Rossiya bilan bog‘lanib, «Bu ishni qilmang», deb aytgani haqida asosli ma’lumotlar bor», — deya qo‘shimcha qildi Blinken.

Xitoyda metapnevmovirus tarqalmoqda

Xitoyda odam metapnevmovirusi (HMPV) grippdan keyingi eng keng tarqalgan o‘tkir respirator virusli infeksiyaga aylandi. 23–29 dekabr kunlari bemorlardan olingan namunalarning 30,2 foizida gripp, 6,2 foizida esa metapnevmovirus aniqlandi. Xususan, ushbu virus 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida keng tarqalgan.

Metapnevmovirus havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Uning asosiy belgilari – yo‘tal, tumov, isitma va boshqa shunga o‘xshash simptomlar. Yosh bolalar, qariyalar va immuniteti zaif insonlarda virus og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin.

Qozog‘istonda ham metapnevmovirus bilan kasallanish holatlari qayd etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 1 oktyabrdan buyon 30 holat aniqlangan.

Hozirda Xitoy rasmiylari infeksiya yuqori mavsumda ekanini va umumiy vaziyat nazorat ostida ekanini ta’kidlamoqda. Profilaktika uchun shaxsiy gigiyenaga rioya qilish va odamlar gavjum joylardan qochish tavsiya etiladi.

Hozircha virusli kasallikdan davolash imkoni yo‘q, vaksinasi ham yo‘q. Vrachlar shunchaki simptomlarni yo‘q qilish bilan mashg‘ul va asoratlar bo‘y ko‘rsatmasligidan umid qilishmoqda.

Mavzuga oid