Jahon | 10:10 / 06.01.2025
5283
4 daqiqa o‘qiladi

Berbokning yuzi Suriya o‘tish davri hukumati ijtimoiy tarmoqlarida xira qilib qo‘yildi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning yuzidan tashqari Damashqdagi Yevropa delegatsiyasiga hamrohlik qilgan boshqa ayollarning ham yuzlari Hsh guruhining ijtimoiy tarmoqlari va bir qator mahalliy ommaviy axborot vositalarida xira qilib qo‘yilgan.

Foto: Telegram / ALMHARAR

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va uning fransiyalik hamkasbi Jan-Noel Barroning Suriyaga rasmiy tashrifi chog‘ida olingan suratlarda «Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hsh) guruhi bilan bog‘liq onlayn manbalar, shuningdek, mahalliy OAV Berbok suratlarini xira qilib qo‘ydi. Germaniya tashqi ishlar vaziridan tashqari Damashqdagi Yevropa delegatsiyasiga hamrohlik qilayotgan boshqa ayollarning ham yuzlari retush qilindi.

«Annalena Berbokning Damashqqa tashrifi shuni ko‘rsatadiki, Suriyaning yangi rahbariyati nufuzli xorijiy siyosatchilar bilan muloqot qilishda jiddiy muammolarga duch kelayotgani aniq», — deyiladi Germaniyaning n-tvv telekanali 5 yanvar, yakshanba kungi reportajida. Avvalroq Hsh rahbari va Suriyaning o‘tish davri hukumati rahbari Ahmad al-Shara Berbok bilan qo‘l berib salomlashmagani, ammo erkaklar bilan qo‘l berib ko‘rishgani qayd etilgan edi. Berbok misolida u qo‘lini ko‘kragiga qo‘yish ishorasi bilan cheklandi.

Shu bilan birga, Suriya davlat axborot agentligi SANA Annalena Berbokning suratlarini o‘zgartirishlarsiz chop etdi. Erkak va ayol o‘rtasida qo‘l berib ko‘rishish taqiqlanmaydi, ammo Hsh a’zolari bunday salomlashishni zinoga birinchi qadam, deb hisoblashadi, deya ta’kidlaydi n-tv.

Berbok Asad rejimi qurbonlari uchun adolat talab qildi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Damashq tashqarisidagi Sednaya qamoqxonasidagi qiynoqlarga aloqadorlarni javobgarlikka tortish uchun xalqaro sa’y-harakatlarni talab qildi. Germaniya diplomatiyasi rahbari 3 yanvar kuni Suriyaga e’lon qilinmagan tashrifi chog‘ida qamoqxonaga tashrif buyurdi.

Bashar Asad rejimining harakatlari natijasida u yerda halok bo‘lganlarning hayotini qaytarib bo‘lmaydi, biroq «barchamiz – xalqaro hamjamiyat – adolat qaror topishiga yordam bera olamiz», deya Berbok so‘zlaridan iqtibos keltirgan dpa axborot agentligi.

Germaniya tashqi ishlar vaziriga Yevropa Ittifoqi nomidan uning fransuz hamkasbi Jan-Noel Barro hamrohlik qildi.

Suriyaning «Suriya fuqarolik mudofaasi» ko‘ngillilar tashkiloti vakillari siyosatchilarga Sednaya qamoqxonasidagi sharoitlar haqida gapirib berdi. O‘tgan yillarda Yevropa «Suriya fuqarolik mudofaasi» va BMTni ehtimoliy urush jinoyatlari to‘g‘risida dalillar to‘plashda qo‘llab-quvvatlagan, dedi bo‘lim boshlig‘i.

«Biz aynan shu narsani davom ettirmoqchimiz, shu jumladan, dalillar to‘plash, adolat va bu dahshatli jinoyatlar bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritish masalasida biz Suriyadagi odamlar tomonida ekanligimizni tushuntirish uchun keldik», — deya ta’kidladi Germaniya tashqi ishlar vaziri.

«Siz ba’zi joylarda sodir bo‘layotgan dahshatni tasavvur qila olmaysiz ... Bu yerda, Suriya poytaxti Damashq yaqinida, ular sivilizatsiyalashgan dunyoda aqlga sig‘maydigan usullardan foydalangan holda o‘ldirilgan», — deya qo‘shimcha qildi Berbok.

Germaniya vazirining so‘zlariga ko‘ra, «Suriya fuqarolik mudofaasi» Asad rejimi «insoniy bo‘lmagan qiynoqlar rejimi» ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.

Mavzuga oid