O‘zbekiston | 11:00 / 08.01.2025
545
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston TIV rahbari Yevropa diplomatiyasi yangi rahbari bilan telefonlashdi

TIV rahbari Baxtiyor Saidov hamda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha yangi tayinlangan oliy vakili Kaya Kallas o‘rtasida ilk telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. 

Foto: Press-slujba prezidenta

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili — Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas bilan telefon orqali muloqot qildi.

Telefon muloqoti chog‘ida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi, shuningdek, ikki mintaqa o‘rtasidagi sheriklik munosabatlari rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

«Ko‘plab natijalarga erishdik, hali oldimizda yanada kengroq imkoniyatlar mavjud. Bu yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi sammitini intiqlik bilan kutmoqdamiz», — dedi Baxtiyor Saidov.

Kaya Kallas o‘tgan yilning o‘rtalarida bu lavozimga tasdiqlangan va 1 dekabrdan o‘z vazifasini boshlagan edi. Bu O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va Yevropa diplomatiyasining yangi tayinlangan rahbari o‘rtasidagi ilk telefon muloqoti bo‘ldi.

Mavzuga oid