O‘zbekiston | 13:22 / 09.01.2025
1924
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligida elektr quvvatlantirish stansiyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Energetika vazirligida elektr quvvatlash stansiyalari rahbarlari bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Vazirlik stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermaganini yana bir bor rad etib, tadbirkorlarni qonuniy talablarga rioya qilishga chaqirdi.

Foto: Energetika vazirligi

Energetika vazirligida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarida yuzaga kelayotgan muammoli masalalar bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov boshchiligidagi uchrashuvda Toshkentda faoliyat yuritayotgan “Tok Bor”, “Megawatt Energy”, “GreenTE”, “Q.Watt”, “TezTok”, “Mustang Energy”, “Voltauto”, “EBB Charging” hamda “Spectre Energy” kompaniyalari rahbarlari ishtirok etgan. Bundan tashqari, unda Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya”, Kadastr agentligi, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Yashil energiya” va Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari ham qatnashgan.

Anjumanda poytaxtda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari elektr ta’minotidan o‘chirib qo‘yilayotgani bilan bog‘liq holat muhokama qilingan. Subiste’molchi sifatida aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan kompaniyalar o‘zlari duch kelgan muammolar haqida gapirib bergan bo‘lsa, mutasaddilar bu borada izoh berishgan.

Energetika vazirligi quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermaganini hamda ekologiyamizni asrashga katta hissa qo‘shadigan elektromobillarni O‘zbekistonda ommalashtirish tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidladi. Shu bilan birga, tadbirkorlardan qonunchilik talablariga amal qilgan holda faoliyat yuritishlari so‘ralgan

Elektromobil stansiyalarining tokdan uzilishi

Toshkent shahrida elektromobil stansiyalari ommaviy ravishda elektr tarmog‘idan uzilgani haqida Kun.uz 17 dekabr kuni xabar bergan edi. Tadbirkorlarga ko‘ra, quyi bo‘g‘indagi mas’ullar holatni “tepadan shunday buyruq bo‘ldi” deya izohlagan.

Shundan keyin Energetika vazirligi quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermaganini ma’lum qildi, “Hududiy elektr tarmoqlari” esa go‘yoki faqat qarzi bor iste’molchilar tarmoqdan uzilayotganini bildirdi.

Bir necha kun o‘tib Kun.uz qayta bog‘langan tadbirkorlar HETning izohini rad etib, elektr energiyasidan qarzlari yo‘qligi, ular HETK bilan emas, transformatorga egalik qiluvchi savdo markazi yoki mehmonxona kabilar bilan shartnoma asosida, subabonent sifatida elektrdan foydalanishi, mas’ullar esa birlamchi abonentni emas, faqat stansiyalarni elektrdan uzib ketganini aytishdi.

Shuningdek, Kadastr agentligi bir qator me’yoriy hujjatlarga asoslanib, stansiyalarni demontaj qilish talabini qo‘ygani oydinlashdi. Agentlik aks holda yer uchastkasini noqonuniy egallaganlik ayblovi bilan ish ochilishini bildirgan. Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, mavjud vaziyatni qonuniy yo‘l bilan qanday hal qilish mumkinligini so‘rashganida, ularga stansiyalarni buzib tashlashdan boshqa choralari yo‘qligini aytgan.

Mavzuga oid