Sony o‘zining birinchi elektromobilini taqdim etdi. Narxlari va xususiyatlari
Elektromobil Honda kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Sony o‘zining birinchi elektromobilini sotuvga chiqardi. Las-Vegasda ochilgan CES-2025 ko‘rgazmasida Yaponiyaning iste’mol va professional elektronika mahsulotlari giganti Sony Honda bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi Afeela 1 elektromobilini taqdim etdi hamda yangi mahsulot narxlarini e’lon qildi. Hozircha avtomobillar faqat AQSh bozoriga chiqariladi.
Afeela 1 ning boshlang‘ich Origin versiyasi narxi 89,900 dollarni tashkil etadi. Ko‘proq texnologiya va yuqoriroq status istagan mijozlar esa Afeela 1 sedanining Signature variantini 103 000 dollarga buyurtma qilishi mumkin.
Uzunligi 490 metr bo‘lgan har ikkala versiya 490 ot kuchiga ega ikki motorli to‘liq elektr quvvat tizimiga ega. 91 kVt/soat sig‘imli akkumulyator bilan taxminan 480 kilometr masofani bosib o‘tish mumkin. Maksimal zaryadlash quvvati 150 kVtni tashkil etadi.
Sony elektromobilining asosiy xususiyatlaridan biri old panelning butun kengligini egallaydigan displeyga ega raqamli “kokpit”. Orqa o‘rindiqdagilar uchun ham ekranlar o‘rnatilgan. Ularda foydalanuvchilar Sony kino portalidan film tomosha qilishi yoki boshqa ko‘ngilochar kontentlardan bahramand bo‘lishi, PlayStation o‘ynashi mumkin. “Mukammal” aerodinamikaga ega bo‘lgan Afeela 1 ko‘plab xavfsizlik funksiyalari va haydovchiga yordam beruvchi 3-darajali ilg‘or avtopilot tizimlar bilan jihozlangan.
Avtomobilni 200 dollar oldindan to‘lov evaziga buyurtma qilish mumkin. Ammo yangi modelni sotib olishni istaganlar quyidagilarni e’tiborga olishi lozim: dastlabki avtomobillarni mijozlarga yetkazib berish 2026 yil o‘rtalariga rejalashtirilgan — u ham faqat AQShning Kaliforniya shtatida istiqomat qiluvchilar uchun.
Mavzuga oid
13:22
Energetika vazirligida elektr quvvatlantirish stansiyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi
11:39 / 08.01.2025
Shvetsiyada Tesla’ga qarshi ish tashlash sabab 100 dan ortiq zaryadlash stansiyasi elektr energiyasidan uzib qo‘yildi
21:47 / 02.01.2025
Energetika vaziri o‘rinbosari elektromobil stansiyalarining tarmoqdan uzilganiga izoh berdi
13:53 / 25.12.2024