Jahon | 16:10 / 12.02.2025
16514
12 daqiqa o‘qiladi

«Ular Rossiyaning bir qismiga aylanishi ham mumkin». Tramp Ukrainaga yordam uchun tovon talab qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Ukrainaga Rossiya tajovuziga qarshi turish uchun ko‘rsatgan ko‘p milliardlik yordamlari evaziga tabiiy resurslardan foydalanish ko‘rinishida kompensatsiya olishi lozimligini aytdi.

Foto: EPA

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Ukrainaga Rossiya tajovuziga qarshi turish uchun ko‘rsatgan ko‘p milliardlik yordamlari evaziga tabiiy resurslardan foydalanish ko‘rinishida kompensatsiya olishi lozimligini aytdi. Bu vaqtda esa, g‘arb nashrlariga ko‘ra, amerikalik diplomatlar urushni yakunlash rejasi ustida ishlashda davom etmoqda, ammo Oq uyning yangi ma’muriyatining aniq takliflari bo‘yicha hamon ma’lumot yo‘q. BBC Trampning Ukraina haqidagi so‘nggi so‘zlari va ularga reaksiyalarni jamladi.

Tramp Ukraina tabiiy resurslari haqida nimalar dedi?

AQSh prezidentining Ukraina to‘g‘risidagi so‘nggi shov-shuvli bayonotlari Fox News telekompaniyasiga intervyusida yangradi.

Intervyu New York Post tabloidida Tramp go‘yoki Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon muloqoti o‘tkazgani haqida chiqqan xabar ortidan efirga ketdi. Keyinroq Tramp chindan ham Putin bilan aloqada bo‘lib turganini tan oldi, ammo ular aynan qachon gaplashgani — inauguratsiyagacha yoki undan keyinligi — mavhum qoldi.

Fox News savollariga javob berarkan, Tramp urush davrida ko‘rsatilgan yordam evaziga Ukrainaning foydali qazilmalaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lishni istashini bildirgan. Shu bilan birga, u Ukraina va Rossiya qarama-qarshiligi tomonlardan istalgan birining g‘alabasi bilan yakunlanishi mumkinligi va tinchlik bitimini tuzishga erishilishi yoki yo‘qligini aniq ayta olmasligini bildirgan.

«Ular [ukrainlar] kelishib olishi ham mumkin, kelisha olmasligi ham mumkin. Ular kun kelib Rossiyaning bir qismiga aylanishi ham mumkin, aylanmasligi ham mumkin, — degan Tramp Ukraina haqida. — Ammo u yerda pullarimiz bor va men ularni qaytarishni istayman».

Trampning so‘zlariga ko‘ra, «Ukraina hududi yer ostidagi noyob metallar, neft va gaz nuqtayi nazaridan ulkan ahamiyatga ega». «Men pullarimiz himoyalangan bo‘lishini istardim, chunki biz yuzlab milliard dollar sarflayapmiz», — deya qo‘shimcha qilgan Tramp.

Fox News uchun intervyuda Tramp Ukraina va AQSh o‘rtasida tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha taklif etilgan kelishuv summasini 500 mlrd dollarga baholagan. «Men ularga, masalan, 500 milliard dollarga teng noyob yer elementlari kerakligini aytdim. Ular bunga rozi bo‘lishdi, shuning uchun hech bo‘lmaganda o‘zimizni ahmoqdek his qilmaymiz», – dedi Oq uy rahbari.

New York Post tabloidining Tramp va Putin o‘rtasidagi «telefon muloqoti» to‘g‘risidagi shov-shuvli xabarida esa 500 mln dollarlik kelishuv haqida gap ketadi, ya’ni bir nechta nol kam, ammo kimdir (yoki nashr jurnalisti, yoki Trampning o‘zi) shunchaki raqamlarni chalkashtirib yuborgan bo‘lishi mumkin.

AQSh Davlat departamentining 2025 yil 20 yanvardagi ma’lumotiga ko‘ra, ya’ni Tramp inauguratsiyasi arafasida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini davrida AQSh Ukrainaga taxminan 69,2 mlrd dollarlik yordam ko‘rsatgani keltirilgan.

Shu bilan birga, Amerikaning xalqaro munosabatlar bo‘yicha nufuzli tahliliy kengashi (Council on Foreign Relations) amerikaliklarning Ukrainaga keng ko‘lamli urush boshidan buyon jami yordamini 175 mlrd dollarga baholagan.

Zelenskiy qanday reaksiya qildi?

Tramp Ukraina tabiiy resurslaridan foydalanish g‘oyasi haqida 10 kuncha oldin Oq uyda muxbirlar bilan muloqot vaqtida ham gapirgandi. O‘tgan vaqt ichida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu taklifga javob berdi va yaqinda Reuters agentligiga bergan intervyusida bu borada AQSh bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi.

Zelenskiy Reuters jurnalistlariga Ukraina tabiiy resurslari xaritasini ko‘rsatmoqda. Uning fikricha, Rossiya foydali qazilmalar nuqtayi nazaridan eng qimmatli yerlarni egallab olishga harakat qilmoqda

Zelenskiy ukrain tabiiy resurslari haqida Kiyevning urushni yakunlash bo‘yicha strategiyasi sanalgan «G‘alaba rejasi»da ham so‘z borganini eslatgan. Kiyev bu rejani o‘tgan yil oxiridayoq Trampga hamda oldingi prezident Jo Bayden ma’muriyatiga taqdim etgandi.

Shu bilan birga, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina AQShdan ukrain konlariga investitsiya kiritishini kutmoqda va mamlakat dunyoning boshqa ko‘plab davlatlaridan farqli o‘laroq Amerika kompaniyalari ulardan foydalanish imkoniyatini berishga tayyor.

«Men unga dedim: „Bu juda boy zamin. Bizda foydali qazilmalar bor“, — degan Zelenskiy Tramp bilan oxirgi muloqoti haqida gapirib. — Bu biz ularni kimgadir beramiz degani emas. Hatto strategik hamkorlarga ham. Gap hamkorlik haqida bormoqda, shuning uchun biz strategik hamkorlarmiz. Ya’ni pul qo‘ying, marhamat investitsiya kiriting, o‘z kompaniyalaringizni chaqiring. Kelinglar, buni birgalikda ishlab chiqaraylik, pul qilaylik».

Zelenskiy Ukrainaning ko‘plab qazilma boyliklari harbiy texnologiyalar nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga egaligini qo‘shimcha qilgan. Shuning uchun, Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ularni hujum uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan Rossiya emas, balki G‘arb davlatlari olishi muhimdir.

Noyob yerosti elementlari nima va ular Trampga nega kerak?

Noyob yerosti elementlariga elektronika, shuningdek, elektr motorlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan 17 metall guruhi kiradi. Nomiga qaramay, bu metallar Yer bo‘ylab keng tarqalgan, ammo ularni bir joyda to‘plangan holda topish va o‘zini oqlaydigan darajada ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ancha mushkul.

Kramatorsk yaqinidagi Belokuzminovka qishlog‘idagi bo‘rli qoyalar. Ukraina turli xil tabiiy resurslarga boy.

Reuters qayd etishicha, Tramp nafaqat ushbu moddalarni, balki umuman muhim minerallarni, ya’ni zamonaviy sanoatning asosiy tarmoqlari uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan foydali qazilmalarni nazarda tutgan bo‘lishi ham mumkin.

Agentlik Ukrainada uran, litiy va titanning katta zaxiralari mavjudligini eslatgan, biroq ular dunyodagi eng katta zaxiralar qatoriga kirmaydi — AQShning o‘zida ham shu va boshqa muhim minerallarning zaxiralari mavjud.

Bloomberg agentligi sharhlovchisi Mark Chempion yaqinda yozganidek, Zelenskiy o‘zining «G‘alaba rejasi»ga Ukraina tabiiy resurslarini bo‘lishish haqidagi qismni aynan «asosiy yondashuvi „sen menga — men senga beraman“ ko‘rinishida bo‘lgan Trampga ma’qul kelishi uchun» kiritgan.

«Ukraina Tramp aytganidek noyob yersoti metallariga emas, balki faqat litiy, marganets, titan va urangagina boyligi muhim emas. Amerika prezidenti detallarga e’tiborli emas», — deya yozadi Chempion.

Bundan tashqari, Zelenskiy ham, G‘arb sharhlovchilari ham eslatganidek, Ukraina tabiiy resurslarining katta qismi Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlarda joylashgan. Shu sababli, ulardan foydalanish istiqbollari umuman noaniq bo‘lib qolmoqda — va davom etayotgan urush sharoitida imkonsiz.

Taniqli ukrainalik siyosatshunos va jurnalist Vitaliy Portnikovning taxmin qilishicha, Tramp o‘z saylovchilariga Vashington Kiyevni nega qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerakligini ko‘rsatish maqsadida Ukraina tabiiy resurslari haqida gapirgan.

Portnikovning eslatishicha, saylovoldi kampaniyasi davomida Tramp Ukrainaga Amerika mablag‘lari ajratilishini bir necha bor tanqid qilgandi.

«Agar [Tramp] Putin Rossiya-Ukraina urushini uzoq yillar davom ettirishga tayyorligini tushunsa va bu vaziyatda Ukrainaga yordam berishdan bosh tortish Oq uy uchun aniq siyosiy mag‘lubiyat bo‘ladi, unda u hech bo‘lmaganda unga ovoz bergan va „shamolga sovurilayotgan pullar“ haqidagi so‘zlariga ishongan amerikaliklarga Ukrainaga yordamni davom ettirish va ko‘paytirishni qanday tushuntirishi kerak?» — deya savol qo‘yadi Portnikov.

«Mana endi tushunib yetdik. Gap hatto Amerika prezidentining Rossiya pozitsiyasiga munosabati haqida emas, balki amerikaliklar kelajakda Amerika iqtisodiyotini rivojlantirish uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan konlarga kirish uchun Ukrainaga yordam berayotgani haqida bo‘lishi mumkin», — deb hisoblaydi ekspert.

Vashingtonning «tinchlik rejasi» haqida nimalar ma’lum?

Tramp ukrainlarning foydali qazilmalari haqida o‘z ma’muriyati vakillari Ukraina bilan muzokaralarga, jumladan, 14 fevral kuni ochiladigan xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan mahalda gapirmoqda.

Trampning maxsus vakili Kit Kellogni Myunxen konferensiyasidan keyin Kiyevda ham kutishmoqda 

Britaniyaning Daily Telegraph gazetasi yozishicha, Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog konferensiyada urushni yakunlash bo‘yicha o‘z takliflarining elementlarini taqdim etishi mumkin (lekin u bungacha «tinchlik rejasi» faqat AQSh prezidentining o‘zi tomonidan e’lon qilinishi kerakligini aytgandi). Kellog Myunxendan keyin Kiyevga ham safar qiladi.

CNN va Bloomberg o‘z manbalariga tayanib, Kellog o‘z rejasini shu hafta davomida Trampga taqdim etishini xabar qilgan.

Saylovlardan keyinoq Tramp Putinni harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqira boshlagan va agar u bunga ko‘nmasa, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilgandi.

Kellogning rejasi tarkibi bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar yo‘q, ammo matbuotda quyidagicha versiya aylantirilgan:

  • Daily Telegraph xabariga ko‘ra, gap nodir yer resurslaridan foydalanish evaziga Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin (prezident Zelenskiy, avval aytilganidek, buni qo‘llab-quvvatlaydi.)
  • CNN ham agar o‘t ochish to‘xtatilib, tinchlik muzokaralari boshlansa, Ukraina ko‘proq harbiy yordam olishi mumkinligini yozmoqda. Shundan so‘ng, bu ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa tinchlikparvar kuchlari front chizig‘ida paydo bo‘lishi mumkin. (Zelenskiy hozircha o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatishga qarshi, chunki bu Rossiyaga hujumga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi va xavfsizlik kafolatlarini bermaydi, deb hisoblaydi)
  • Kellog, shuningdek, sulh davrida Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan. CNN’ga ko‘ra,  AQSh shu yo‘l bilan Zelenskiyning prezidentlik lavozimidan ketishiga zamin hozirlashi, shu tariqa „bitimni jozibali qilishi va Kremlni muzokaralarga jalb qilishi“ mumkin. (Zelenskiy yakshanba kuni ITV telekompaniyasiga bergan intervyusida urush tugamaguncha saylovlarni doimiy asosda o‘tkazishga qat’iyan qarshi chiqdi: uning fikricha, bu Ukraina armiyasini yo‘q qiladi va Rossiyaning pozitsiyasini mustahkamlaydi).
  • G‘arb nashrlaridagi materiallar mualliflari ta’kidlashicha, tinchlik uchun asosiy to‘siqlardan biri Rossiyaning pozitsiyasi bo‘lib qolmoqda, u hozircha harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun sabab ko‘rmayapti. «Hozir [Kreml] jang maydonida g‘alaba qozonmoqda — bu tez sodir bo‘lmasa-da, uning qo‘shinlari oldinga siljimoqda», — deb yozadi CNN bu borada.

Mavzuga oid

E`lonlar