O‘zbekistonga import qilingan avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazish uchun navbat olish ajiotajga aylanib ketdi. Kun.uz jarayon qanday kechayotgani, tadbirkorlar qanaqa muammolarga duch kelayotgani haqida importyor va avtodeklarant tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Import avtomobillar 2024 yil noyabrdan boshlab bojxona hududida emas, Piskentdagi avtopoligon hududida qurilgan laboratoriyada texnik sinovlardan o‘tkazilmoqda. Bu yerda import avtomobillar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi ham joriy etilgan. Bu tekshiruvlardan o‘tmagan avtomobillarga muvofiqlik sertifikati berilmaydi.

Laboratoriyaga navbatlar noyabr oyidayoq yuzaga kelgan, natijada mas’ullar navbat olishni elektron shaklga o‘tkazib qo‘ygandi. Lekin tabiiyki, bu bilan navbatlar kamaygani yo‘q. My.gov.uz portalida navbat olish har kuni tungi soat 00:00 da, faqatgina ikki haftadan keyingi kun uchun ochilyapti va bir daqiqaga bormasdan tugab ketyapti. Kimning omadi kelsa, navbat oladi, ololmaganlar esa ertasi kuni yarim tunda yana urinib ko‘rishi kerak.

Aslida bunday navbat yuzaga kelishi avvaldan ma’lum edi. Chunki Piskentdagi sinov markazi kuniga 100-120 tagacha avtomobilni tekshira oladi. Bu – kunlik talabdan sezilarli kam.

Kun.uz vaziyat yuzasidan “King Motors” avtosaloni asoschisi, importchi tadbirkor Xurshid Mahamadov va “Autodeklarant” kanali muallifi Azizbek Berdiyev bilan suhbatlashdi.

1,5 minutda nimani tekshirishadi?”

Azizbek Berdiyev: 15-20 kunlik navbatlar paydo bo‘lgan. Avvallari ham boshqa joylarda mashinalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazishardi va bu vaqt olmasdi. Hozir limitlar qo‘yilgan. My.gov.uz orqali siz navbat olmoqchi bo‘lsangiz, masalan, ertalab 8:00 dan 8:15 gacha navbat beradi. Ya’ni avtomobilingiz 15 minut oralig‘ida tekshiriladi deb aytishadi. Lekin siz soat 8 ga borsangiz, siz bilan birga 10 ta avtomobilni kirgizishadi. Bu 10 ta avtomobil 15 minutda tekshiruvdan o‘tganini anglatadi.