1 noyabrdan boşlab import qilingan avtomobillar bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan ötkaziladi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga soliş agentligi direktori örinbosari Odiljon Tohirov “Renessans” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“1 noyabrdan biz insonlarning hayoti xavfsizligini ta’minlaş, iste’molçilar huquqini himoya qiliş maqsadida avtotransport vositalarining sinovini bojxona hududida emas, balki sinov bazasi, ya’ni Piskent poligoniga olib borib, öşa yerda ötkazamiz. Asosiy xavfsizlik körsatkiçlari böyiça sinovlarni ötkaziş ta’minlanadi.
Biz ötkazayotgan sinovlar xalqaro darajada tan olinadi. Buning uçun BMTning transport sohasiga oid qoidalarini amaliyotga kiritamiz. Uşbu qoidalar asosida sinovlarni ötkaziş faqatgina xalqaro ISO taşkilotining standartlari va Yevropa direktivalari asosida amalga oşiriladi. Har bir transport vositasini tekşiriş yoki ularga turini ma’qullaş hujjatini rasmiylaştiriş orqali rasmiy dilerlar tomonidan sotuv qöyga qöyilsa, xavfsizlik ham ta’minlanadi, iste’molçilarning huquqi ham himoya qilinadi”, – dedi Odiljon Tohirov.
Bojxona qömitasi ma’lumotlariga köra, joriy yilning 9 oyi davomida benzinda harakatlanadigan avtomobillar importi 28 foizga kamaygan. 2023 yil yanvar-senyatbr oylarida 26 246 ta şunday avtomobil import qilingan bölib, bu ötgan yilning mos davriga soliştirganda 10 252 taga kam.
Öz navbatida, gibrid yengil avtomobillar importi 49 foizga (7650 tadan 11 425 taga), elektrda harakatlanuvçi yengil avtomobillar importi 48 foizga (10 917 tadan 16 209 taga) ortgan.
Umuman, yanvar-sentabr oylarida yengil avtomobillar importi sur’ati deyarli özgarişsiz qolgan. Ötgan yilning şu davrida 54 287 ta yengil avtomobil import qilingan bölsa, joriy yilda bu körsatkiç 55 520 tani (–2,3 foiz) taşkil etmoqda.








