9 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston hududlarining turizm salohiyatini oshirishga doir videoselektor o‘tkazdi. Yig‘ilishda O‘zbekistondagi sayyohlik biznesi bilan bog‘liq ayrim raqamlar keltirib o‘tildi, shuningdek, mas’ullarga bir qancha topshiriqlar berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda turizm eksporti 3,5 milliard dollarga yetgan, o‘tgan yili xorijiy sayyohlar oqimi 10 million kishidan oshgan. Hozirda turizmning O‘zbekiston iqtisodiyotdagi ulushini 2040 yilgacha 7 foizga, eksportni esa 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha strategiya ishlab chiqilmoqda.

Bu strategiya va turizmni rivojlantirish dasturlari doirasida, jumladan quyidagicha vazifalar qo‘yildi:

  • «turizm halqasi»ga kirgan yo‘llarni ta’mirlash ishlarni boshlash;
  • kapsulali uylar qurish va jihozlashni ko‘paytirish;
  • tog‘li hududlarga piyoda chiqish (treking) uchun turfirmalarga sayyohlik marshruti ruxsatnomasini my.gov.uz portali orqali 10 kunda berishni joriy qilish;
  • Ko‘rfaz davlatlari uchun joriy qilingan 10 kunlik vizasiz rejimni 30 kunga uzaytirish, Hindiston, Pokiston, Misr va eronlik sayyohlarga viza berishni yengillashtirish;
  • Milliy turizm yagona platformasini ishga tushirishni tezlashtirish: unda chipta olish va elektron viza berish imkoniyatlarini yaratish;
  • har oyning bitta shanba va yakshanbasini «oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish» kuni deb e’lon qilish, ichki turizm targ‘ibotini kengaytirishga yiliga 20 milliard so‘m ajratish;
  • respublikaning barcha tarixiy obidalariga kirish imkonini beradigan «yagona turistik karta» joriy qilish va boshqalar.

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda 2025 yilda xorijdan 15 million sayyohni jalb qilishni topshirdi.