Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan xalqaro advokatlik guruhi – Worldwide Lawers Association (WOLAS) O‘zbekistonning BAAda o‘lim jazosiga hukm qilingan uch nafar fuqarosining xalqaro himoyasi borasida bayonot bilan chiqdi. WOLAS advokatlari sud-tergov jarayonlari shaffof o‘tgani, sud mustaqilligi va O‘zbekiston fuqarolarining huquqlariga rioya qilinganiga shubha bildirmoqda.

Huquqshunoslar BAA Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha kollegiyasidan o‘lim hukmini bekor qilib, mazkur ishni siyosiy emas, yuridik mezonlarga asoslangan holda qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Xususan, «ishning maxsus sudda ko‘rilgani – shaffoflik va yetarli darajada yuridik yordam mavjud bo‘lmaganiga, ehtimoliy qiynoqlar orqali olingan iqrorlik, terrorizmga qarshi kurashning ramziy belgisi sifatidagi og‘ir jazo, siyosiy bosimlar va BAA–Isroil munosabatlari iliqlashuvi fonida hukm chiqarilgan» bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, WOLAS bayonotida xalqaro inson huquqlari normalari, xususan, yashash huquqi, qiynoqlardan himoya va adolatli sud tamoyillari buzilishi muhokama qilingan.

Birlashgan Arab Amirliklari qonunchiligiga ko‘ra, o‘lim jazosi hukmlari ustidan avtomatik ravishda apellyatsiya qilinadi hamda ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun Federal Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha kollegiyasiga yuboriladi. Bundan tashqari, amirlikda har qanday o‘lim jazosini ijro etishda – sud tomonidan tekshirilgandan so‘ng BAA prezidenti imzosi talab qilinadi.

WOLAS O‘zbekiston hukumatini fuqarolarini himoya qilishda faolroq bo‘lishga, BMT organlarini esa holatni tergov qilishga chaqirgan. Advokatlar ushbu murojaatini O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi, BAA adliya va tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha BMT Oliy komissari, Suddan tashqari yoki o‘zboshimchalik bilan qatl qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachi hamda Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachiga rasman yuborgan.

Xususan, O‘zbekistonga quyidagilar taklif qilingan:

  • Diplomatik majburiyatlarni bajarish – fuqarolarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va konstitutsiyaviy majburiyatlarini ado etish;
  • Konsullik ishtirokini kuchaytirish – BAA rasmiylari bilan faol muloqot o‘rnatish va konsullik yordamini ta’minlash;
  • Fuqarolarni o‘lim jazosidan himoya qilish – ular uchun barcha qonuniy vositalarni ishga solish orqali jazoni yengillashtirishga harakat qilish.