Isroil va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, hozirda G‘azoda faoliyat yuritayotgan bahsli insonparvarlik tashkiloti — G‘azo insonparvarlik fondi (Gaza Humanitarian Foundation) — rasman tugatilmoqda. Bu haqda 2 iyul kuni Shveytsariyaning jamoat teleradiokompaniyasiga tayanib Anadolu nashri xabar bermoqda.
Shveytsariya Federal Fondlar nazorati boshqarmasi (ASF) GHFʼni yopish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki fond Shveytsariyada vakilga ham, rasmiy manzilga ham ega emas. Ular bu muammoni bartaraf etish uchun esa hech qanday chora ko‘rmagan. Shveytsariya Ichki ishlar vazirligi bu qarorni tasdiqladi.
Iyunning boshida Shveytsariya tashqi ishlar vazirligi GHFʼning Jyenevadagi bahsli bo‘limi «faolsiz» va «huquqiy talablarga javob bermaydi» deya berilgan bahoni tasdiqlagan edi.
Ushbu mojaro ortidan GHFʼning Shveytsariyadagi direktori iste’foga chiqqan edi. Ayni vaqtda Shveytsariyadagi TRIAL International nohukumat tashkiloti federal hokimiyatga ikkita shikoyat arizasi topshirdi va fond faoliyati shaffofligi bo‘yicha tergov talab qilmoqda.
Tashkilot GHF faoliyati nafaqat qonunga zid, balki «Shveytsariyaning xalqaro obro‘siga xavf soladigan darajada xavfli bo‘lishi mumkin», deya ta’kidladi.
G‘azo insonparvarlik fondi Reuters’ga bergan bayonotida Shveytsariyada faoliyat boshlamaslik haqida strategik qaror qabul qilganini va hozirda ushbu mamlakatda ro‘yxatga olingan tuzilmasini tugatish ustida ishlayotganini bildirdi.
GHF – bu qanday tashkilot?
Isroil va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ushbu bahsli gumanitar tashkilot – Gaza Humanitarian Foundation AQShning Delaver shtatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, joriy yil 12 fevral kuni Jyenevada filial ochgan edi.
Uning maqsadi BMT orqali emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri G‘azoga oziq-ovqat yetkazishni muvofiqlashtirish bo‘lgan.

















