Bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda Moskva oblastida rossiyalik shaxs o‘zbekistonlik mehnat muhojiri — taksistni haqorat qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, holat Ximki shahridagi turar joy majmuasida sodir bo‘lgan.
Videoda rossiyalik kimsa haydovchiga: «Sen qulsan, ruslarning qulisan! Og‘zingni ochma», deya baqirgani ko‘ringan. Shuningdek, u taksistga «O‘zbekistonda hech narsa yo‘qligi uchun bizga kelgansan. Sen uyingda emassan, ishlash uchun kelgansan, ishingni qil» deya baqirgan. Shuningdek, u O‘zbekiston fuqarosini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgan.
O‘zbekistonlik muhojir unga javob qaytarmagan va tinchlanishni so‘rab, ketib yuborgan. Guvohlarga ko‘ra, ushbu haqoratlar — taksi haydovchisi mashinasi bilan uyning hovlisiga kirishni qisqa vaqt to‘sib qo‘yganidan so‘ng boshlangan.
Holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bu holatni tilga olmasdan bayonot berdi.
«O‘zbekiston Konstitutsiyasi, milliy qonunlar va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari hamda normalariga asosan, O‘zbekiston fuqarolari dunyoning istalgan nuqtasida bo‘lishidan qat’i nazar, davlat himoyasida ekanini ta’kidlaydi», deyiladi vazirlik bayonotida.
Ahror Burhonov, agar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari yoki qadr-qimmati xorijda buzilsa, ular darhol qabul qiluvchi davlatning vakolatli huquq-tartibot organlariga murojaat qilishlari zarurligini eslatgan. Shuningdek, TIV so‘zchisi fuqarolar O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga huquqiy va konsullik yordami so‘rab murojaat qilishi mumkinligini bildirdi.
«Fuqarolarimizni xorijda himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi ekanini hamda bu mas’uliyat davlatning o‘z fuqarolari oldidagi majburiyatlari asosida amalga oshirilishini yana bir bor eslatib ta’kidlaymiz», deyiladi bayonotda.







