Ayollar dunyosi | 16:35 / 10.10.2025
5216
2 daqiqa o‘qiladi

“Instagramchi psixologlar” ortida nima yashirin. Infolo‘lilardan ehtiyot bo‘ling!

Bugungi kunda psixolog qabuliga yozilish - modami? Yo‘q, ehtiyoj. Chunki tez sur’atda yashayotgan, agressiv munosabatlarga to‘la jamiyatda odamlar ruhiy yengillik izlaydi. Lekin internetda "psixologman" deb chiqib olganlar ham shunchaki ko‘payib ketdi. Haqiqiy mutaxassisni sharlatandan qanday ajratish mumkin?

Foto: Zigmund.Online

1. Diplom va litsenziya so‘rang

Haqiqiy psixolog — bu universitetda kamida bakalavr darajasida ta’lim olgan mutaxassis. Sertifikatlar bilan "psixolog" bo‘lib olganlardan ehtiyot bo‘ling. Sog‘lom ruhiyat bilan ishlash — bu ilmiy bilim talab qiladigan sohadir.

2. Diagnoz qo‘ymasligi kerak

Psixolog emas, psixiatr diagnoz qo‘yish huquqiga ega. Agar mutaxassis sizga "sizda depressiya bor", "bipolyarsiz", "nevrozsiz" deb aniq ta’rif bersa — bu professional emasligining belgisidir.

3. Shaxsiy fikrini singdirmaydi

Psixolog sizning hayotingizni baholamaydi, "shunday qilishing kerak" demaydi. U savollar orqali o‘zingizni anglashga yordam beradi. Agar u sizni tanqid qilsa, o‘z fikri yoki qadriyatlarini singdirsa — bu xavfli signal.

4. Ijtimoiy tarmoqda "cho‘pchak sotmaydi"

Agar u har kuni "toksik eringizni tashlang", "onangiz sizni sevmagan" kabi keskin maslahatlar bilan chiqsa — bu psixolog emas, kontent-marketolog. Haqiqiy mutaxassis odam ruhiyatidan ommaviy kontent uchun foydalanmaydi.

5. Hissiyotingizga ishonch

Suhbatdan keyin yengillik his qildingizmi yoki aybdorlik va bezovtalik? Sizning ichki holatingiz — bu eng ishonchli mezon. Sog‘lom terapiya sizni ayblamaydi, balki anglash va qabul qilishga yordam beradi.

6. "Muammongizni bitta seansda hal qilaman" demaydi

Psixologik jarayon vaqt talab qiladi. Agar kimdir “bir uchrashuvda hayotingizni o‘zgartirib beraman” desa — ishonmang. Bu fokuschi yoki infolo‘lining shiori, mutaxassisniki emas.

Psixolog — sizning hayotingizni o‘zgartiruvchi emas, balki yo‘l ko‘rsatuvchi ko‘zgu. U sizning o‘rningizga qaror qabul qilmaydi, faqat o‘zingizni anglashga yordam beradi.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid