Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
CAS Rossiya chang‘ichilariga xalqaro musobaqalarda qatnashishga ruxsat berdi
Lozannadagi Sport arbitraj sudi (CAS) Xalqaro chang‘i sporti va snoubord federatsiyasi (FIS) Olimpiya o‘yinlari oldidan rossiyalik va belaruslik sportchilarni saralash musobaqalariga qo‘ymagani uchun ular tomonidan berilgan apellyatsiyalarni qisman qanoatlantirdi.
Foto: Dmitriy Korotayev / Kommersant’
Sport arbitraj sudi (CAS) Xalqaro chang‘i sporti va snoubord bo‘yicha federatsiya (FIS)ga qarshilik bildirgan rossiyalik va belaruslik sportchilar da’volarini qisman qanoatlantirdi. FIS qaroriga ko‘ra, ular Italiyada bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga qo‘yilmagan edi.
Lozannada seshanba kuni, 2 dekabrda qabul qilingan qarorga ko‘ra, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) qo‘ygan mezonlarga javob beradigan rossiyalik va belaruslik olimpiyachilar qishki Olimpiada oldidan FIS saralash musobaqalarida, shuningdek boshqa xalqaro startlarda neytral maqomda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Paralimpiyachilarga ham FIS musobaqalarida boshqa davlat sportchilari bilan bir xil shartlarda qatnashishga ruxsat beriladi, chunki Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi ularga neytral bayroq ostida ishtirok etish imkonini yaratmagani ta’kidlanadi.
CAS o‘z qarorida chang‘i sporti va snoubord bo‘yicha xalqaro federatsiya ustavi sportchilarni kamsitishdan himoya qilishini va tashkilotdan siyosiy neytrallikni talab qilishini eslatib o‘tdi.
«Rossiya CAS'da FIS’ga qarshi da’voni yutib chiqdi. Endi FIS Rossiya sportchilarini xalqaro musobaqalarga qo‘yishi shart», — deb yozdi Rossiya sport vaziri va Rossiya Olimpiya qo‘mitasi rahbari Mixail Degtyaryov CAS qarorini o‘z Telegram-kanalida sharhlar ekan.
21 oktyabr kuni FIS kengashi rossiyalik va belaruslik sportchilarni hatto neytral maqomda ham xalqaro musobaqalarga qo‘ymaslikka qaror qilgan edi. Shu tariqa ular 2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetssoda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari uchun saralashda qatnashish imkoniyatisiz qolgan.
Shundan so‘ng Chang‘i sport turlari assotsiatsiyasi, Rossiya Paralimpiya qo‘mitasi va 12 nafar rossiyalik sportchi mazkur qarorga apellyatsiya berib, u FIS ustavi, uning siyosiy neytrallik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplarini buzishini ta’kidladi. Yana bir apellyatsiyani Belarus chang‘i ittifoqi va 5 nafar belaruslik sportchi yo‘lladi. Kelgusi saralash musobaqalari tufayli apellyatsiyalar tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqildi.
XOQ Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosdagi urush sababli Rossiya va Belarusni Olimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqidan mahrum etgan. 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida rossiyalik sportchilar neytral bayroq ostida individual tartibda ishtirok etgan, XOQ shunday imkoniyatni kelayotgan qishki Olimpiada uchun ham taqdim etmoqda.
Neytral maqomdagi sportchilarni Olimpiadaga saralash musobaqalariga qo‘yish va ularni saralash tartibini o‘tkazish xalqaro sport federatsiyalari zimmasiga yuklangan.
Kelgusi qishki Olimpiya o‘yinlari Milan va Kortina-d’Ampetssoda 2026 yil 6–22 fevral kunlari, Paralimpiya o‘yinlari esa 6–15 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
22:15 / 12.12.2025
Putinni hibsga olishga order bergan XJS sudyasi Rossiyada sirtdan hukm qilindi
16:01 / 12.12.2025
Duma “chet elda yashirinib yurganlar” uchun cheklovlar tayyorlamoqda
15:29 / 12.12.2025
NATO bosh kotibi Mark Ryutte: “Rossiyaning navbatdagi maqsadi - biz”
14:31 / 12.12.2025