Jahon | 07:30
4318
3 daqiqa o‘qiladi

Megashaharlar poygasi: qaysi shaharlar tez o‘smoqda, qaysilari sekinlashdi?

Aholi sonining o‘sishi, migratsiya va iqtisodiy imkoniyatlar hanuz millionlab odamlarni Yer yuzidagi eng yirik aglomeratsiyalarga jalb qilmoqda. Shu bilan birga, aholining qarishi va hudud tanqisligi allaqachon shakllanib bo‘lgan ayrim megapolislar o‘sishini tobora ko‘proq cheklamoqda.

Tokio / Foto: iStock

BMTning World Urbanization Prospecs 2025 hisoboti ma’lumotlari asosida Visual Capitalist portali mutaxassislari tayyorlagan yangi infografika dunyodagi eng yirik shahar markazlarini taqqoslaydi: bugun aholi qayerda to‘planayotgani va qaysi mintaqalarda yaqin yillarda o‘sish davom etishi ehtimoli yuqori ekani ko‘rsatiladi.

Osiyo hali ham global urbanizatsiyaning asosiy episentri bo‘lib qolmoqda. Indoneziya poytaxti Jakarta 2025 yilda aholi soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallamoqda — qariyb 42 million kishi. Unga juda yaqin Dakka (Bangladesh) va Tokio keladi.

Birinchi o‘ttiztalikdagi shaharlarning katta ulushi Xitoy va Hindiston hissasiga to‘g‘ri keladi — jumladan Shanxay, Guanchjou, Nyu-Dehli va Mumbay. Bu megapolislar ulkan ichki bozorga, iqtisodning yuqori darajada jamlanganiga va mintaqaviy markaz sifatidagi ko‘p yillik roliga tayanadi.

Osiyo ko‘lam jihatidan yetakchi bo‘lsa-da, eng yuqori o‘sish sur’atlari tobora ko‘proq boshqa mintaqalarda kuzatilmoqda.

Angola poytaxti Luanda dunyodagi eng tez o‘suvchi shaharga aylandi: 2000 yildan beri uning aholisi yiliga taxminan 11 foizga oshib kelmoqda. Asosiy sabablar — tug‘ilishning yuqoriligi va qishloq hududlaridan migratsiya. Lagos va Kinshasa kabi boshqa Afrika shaharlari ham reytingda yuqorilab bormoqda — bu qit’aning aholisi yosh ekani va urbanizatsiya tezlashayotganini aks ettiradi.

Biroq barcha yirik shaharlar ham tez sur’atda o‘smaydi. Osaka va Mexiko kabi bir qator “yetilgan” aglomeratsiyalar o‘sishning sekinlashishi, hatto aholi soni qisqarishi bilan yuzlashmoqda.

Bu yerda hal qiluvchi omillar — aholining qarishi, tug‘ilishning pasayishi va uy-joy taklifining cheklangani. Daromad darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda shaharlar o‘sishi tobora ko‘proq aholi ko‘payishi emas, balki ish unumdorligining oshishi hisobiga ta’minlanmoqda. Bu esa so‘nggi o‘n yilliklarga nisbatan sezilarli burilishni anglatadi.

Mavzuga oid