O‘zbekiston | 14:42
449
2 daqiqa o‘qiladi

Sanoat zonalarida yer ijara huquqini ulush qilib kiritishga ruxsat berildi

Hukumat qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi sanoat zonalari direksiyalari sanoat zonalari ishtirokchilari xizmat ko‘rsatishni tashkil etish loyihalarini joylashtirish uchun tayyor bino va inshootlar qurish (sanoat ipotekasi) maqsadida yer uchastkalari ijara huquqini ustav fondiga ulush sifatida kiritish tartibini belgilaydigan nizom tasdiqlandi. 

Foto: Kun.uz

Nizomga ko‘ra, direksiyalar tadbirkorlik sub’yektlari roziligi asosida yer uchastkalarining ijara huquqi qiymati bilan ulushdor bo‘lib kirishi mumkin. Bu tartib, asosan, sanoat zonalari hududida bo‘sh turgan hamda ishlab chiqarish faoliyati yuritilmayotgan yer uchastkalari negizida xizmat ko‘rsatish obektlarini joylashtirish uchun qo‘llanadi. 

Tartib 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan ortiq qiymatga ega xizmat ko‘rsatish loyihalariga tatbiq etiladi. Bunda yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali ajratiladi, auksionda shakllangan ijara huquqining bozor qiymati xo‘jalik jamiyati ustav fondiga direksiya ulushi sifatida kiritiladi. 

Shuningdek, direksiyaning yer ijara huquqi qiymati shaklidagi ulushi xo‘jalik jamiyati ustav fondining 49 foizidan oshmasligi shart. Ustav fondida ishtirokchilarning birgalikda faoliyat yuritish shartlari esa investitsiya bitimida belgilanadi. 

Nizomda direksiya ulushini keyinchalik elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtirish imkoniyati (qoida tariqasida uch yildan keyin) ham nazarda tutilgan. Nizolar muzokara orqali hal etilmasa, sud tartibida ko‘rib chiqiladi. 

Mavzuga oid