
10 fevral kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Vashingtonga shoshilinch tashrif bilan yo‘l olgan. Uning tashrifi haqidagi e’lon – Tramp maxsus vakillari Ummonda Eron tashqi ishlar vaziri bilan yadroviy kelishuv yuzasidan muzokara o‘tkazganidan bir kun o‘tib yangradi.
Aslida Netanyahu 18 fevral kuni Oq uyda Tramp bilan uchrashishni rejalashtirgan edi. Oq uy rasmiysining Axios nashriga aytishicha, Netanyahu juma kuni tashrifini bir haftaga oldinga surish va kelasi chorshanba kuni Tramp bilan uchrashishni so‘ragan.
Shu bilan birga Netanyahuning Vashingtonga erta kelishi unga – 19 fevralga rejalashtirilgan G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashi yetakchilari yig‘ilishida qatnashmaslik imkonini ham beradi. Bu tadbir Netanyahuning ichki siyosiy maydonida keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Tramp juma kuni Ummonda AQSh va Eron o‘rtasida «juda yaxshi muzokaralar» bo‘lganini aytgan. Uning aytishicha, Eronning yadroviy kelishuv bo‘yicha pozitsiyasi o‘tgan yilga qaraganda «yanada maqbulroq» bo‘lib qolgan.
Nashrning yozishicha, Isroil Trampning qaroriga ta’sir qilmoqchi. Xususan, bosh vazir Netanyahuning fikricha, «har qanday muzokaralar Eronning ballistik raketalariga cheklovlar qo‘yilishini va Eron o‘qini qo‘llab-quvvatlashiga barham berilishini o‘z ichiga olishi lozim».

Muzokaralar fonida Trampning maxsus vakillari Jared Kushner va Stiv Uitkoff shu hafta Abraham Lincoln aviatsiya tashuvchisiga tashrif buyurmoqchi. Eron yaqinidagi Arab dengizida joylashgan kemaga AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni admiral Bred Kuper ham boradi. U ham juma kuni Eron bilan muzokaralarda qatnashgandi.









