Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
PDAC-2026 doirasida “Uzbekistan Day”: O‘zbekistonning Mine-Metal-Market modeli xalqaro hamjamiyatga taqdim etildi
Kanadaning Toronto shahrida o‘tkazilayotgan dunyoning eng nufuzli tog‘-kon va geologiya platformalaridan biri – Prospectors & Developers Association of Canada (PDAC) anjumani doirasida “Uzbekistan Day” tadbiri tashkil etildi. Unda O‘zbekistonning kritik minerallar salohiyati va sanoat modeli xalqaro auditoriyaga taqdim qilindi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi boshchiligida o‘tkazildi. Unda mamlakatning geologik imkoniyatlari, investitsion salohiyati hamda Mine-Metal-Market to‘liq qiymat zanjiriga asoslangan sanoat modeli global hamjamiyat vakillariga namoyish etildi.

Yuqori darajadagi ishtirok
Tadbirda O‘zbekistonning AQShdagi Favqulodda va muxtor elchisi, Tashqi ishlar vazirligi vakillari, shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan, mamlakatning kritik minerallar salohiyatini namoyish etuvchi ilk va yagona sanoat operatori – O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) rahbariyati, maslahatchilari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
“Uzbekistan Day” global tog‘-kon va metallurgiya sanoati vakillari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Tadbirda 200 ga yaqin kompaniya va institut vakillari qatnashdi. Ular orasida AtkinsRéalis, Boston Consulting Group, AGT Systems NA, Xcalibur, Speyside, Global Mining Capital Corp, Freedom Capital Markets kabi yirik kompaniyalar rahbariyati, shuningdek United States Geological Survey (USGS) hamda Yevropa Komissiyasining kritik xomashyo siyosati yo‘nalishi bo‘yicha vakillari bor.

“O‘zbekistonning salohiyati katta taassurot qoldirdi”
Qidiruv geofiziklari jamiyati boshqaruv direktori Skott Sazerlend tadbir yuzasidan shunday dedi:
— PDAC doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston kuniga bag‘ishlangan sessiyada ishtirok etdim. O‘zbekiston taqdim etayotgan geologik va konchilik salohiyati menda katta taassurot qoldirdi. Joriy yil yakuniga qadar Qidiruv geofiziklari jamiyati tomonidan O‘zbekistonda, xususan, Toshkent shahrida konchilik sohasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazish rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston hukumati bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlikdan mamnunmiz va kelgusida mamlakatda yanada faol ish olib borish niyatidamiz.
Islohotlar va investitsiya imkoniyatlari taqdim etildi
Tadbir davomida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi konlarni o‘zlashtirish, nodir va texnologik metallarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha istiqbolli loyihalar hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, “Uzbekistan Day” doirasida O‘zbekistonga investitsiya kiritish imkoniyatlariga qiziqish bildirgan kompaniyalar soni yuqori bo‘lgani qayd etildi.

Xalqaro hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolandi
Tadbir doirasida O‘zbekiston texnologik metallar kombinati va xalqaro savdo-investitsiya va sanoat hamkorlik platformasi sifatida faoliyat yurituvchi kompaniya – OMAD International Inc. bilan memorandum imzolandi. Ushbu hujjat investitsiyalarni jalb etish, Kanada tog‘-kon kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shilgan qiymat yaratishga va barqaror sanoat rivojiga qaratilgan integratsiyalashgan qiymat zanjiri konsepsiyasi asosida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, TMK tasarrufidagi “Kelajak metallari texnoparki” va tog‘-kon va geologiya sohasida raqamli transformatsiya, innovatsion infratuzilma va texnoparklar rivojini ta’minlovchi kompaniya – Erdenes IT LLC bilan ham texnoparklarni tashkil etish va rivojlantirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish, tog‘-kon, geologiya hamda xalqaro marketing yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan memorandum imzolandi. Mazkur hamkorlik bilim almashinuvini kuchaytirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish hamda chuqur qayta ishlash va tijoratlashtirish uchun mustahkam ekotizim yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Strategik yondashuv
Imzolangan kelishuvlar O‘zbekistonning geologik salohiyatini yuqori qo‘shilgan qiymatga ega, global bozorda raqobatbardosh sanoat mahsulotlariga aylantirishga qaratilgan Mine–Metal–Market modelini xalqaro miqyosda ilgari surish hamda mamlakatni kritik minerallar global qiymat zanjirining muhim bo‘g‘iniga aylantirish yo‘lidagi izchil strategik yondashuvni aks ettiradi.
Tadbir davom etmoqda.
Reklama huquqi asosida