O‘zbekiston | 18:43 / 03.03.2026
7482
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev huzurida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi

Mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, harbiy xavfsizligini ta’minlash masalalari, shuningdek, Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi.

3 mart kuni prezident, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev huzurida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, harbiy xavfsizlikni ta’minlash masalalari, shuningdek, joriy yil 13 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, dunyoda keskinlik va mojarolar o‘choqlari saqlanib qolyapti, geosiyosiy raqobat kuchayib, yangi xatar va tahdidlar xavfi ortib bormoqda. Ayrim mintaqalardagi harbiy harakatlar jiddiy gumanitar va iqtisodiy oqibatlarga olib kelayotgan notinch xalqaro vaziyat sharoitida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xavfsizligini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Mudofaa vaziri qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish, qism va bo‘linmalarni tezkor tayyorlash, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, harbiy-ma’muriy sektorlar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

Rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasi va jangovar harakatlar tajribasini o‘rganish, harbiy boshqaruv va tayyorgarlik tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, qo‘shinlar samaradorligini oshirish uchun yangi texnologiyalar, jumladan, uchuvchisiz tizimlar va raqamli boshqaruv yechimlarini keng qo‘llash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, harbiy-ma’muriy sektorlar, poligonlar, ta’lim muassasalari va moddiy-texnik ta’minot obektlari infratuzilmasini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish hamda rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni izchil davom ettirish, ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan dasturlarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish yakunida davlat rahbari Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilab berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid