O‘zbekiston | 15:00 / 06.03.2026
1129
7 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Hamroh, BMTTD va The Coca-Cola Foundation tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan WESP dasturi: O‘zbekistonda birinchi grant g‘olibalari taqdirlandi

Hilton mehmonxonasida - Hamroh, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va The Coca-Cola Foundation hamkorligida ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) doirasida birinchi bosqich g‘olibalarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: WESP

Tadbirda dastur doirasida tanlab olingan 20 nafar ayol tadbirkorga 5 ming AQSh dollarigacha miqdorda grantlar topshirildi. Mazkur mablag‘lar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi texnologiyalar joriy etish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltiriladi. Umumiy moliyalashtirish hajmi 100 ming AQSh dollarigacha.

 

Tadbir 2025 yil dekabr oyida e’lon qilingan uch tomonlama strategik hamkorlikning ilk amaliy natijalaridan biri bo‘ldi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining konsultanti, Inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi koordinatori hamda Hamroh Kuzatuv kengashi a’zosi Nozimaxon Davletova, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova, Coca-Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Kazumasa Mukaye hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii kirish so‘zlari bilan ishtirok etdi.

Spikerlar ayollarning moliyaviy resurslar, bilim va institutsional qo‘llab-quvvatlashga kirishini kengaytirish, ularning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash — iqtisodiy taraqqiyot omili

Hamroh bosh direktori Dilfuza Nurmatova dasturning ahamiyatiga to‘xtalib, strategik hamkorlikning bugungi natijalari ayollar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi.

 

Dekabr oyida biz strategik hamkorlik boshlanganini e’lon qilgan edik, bugun esa uning amaliy natijalarini ko‘rib turibmiz. Ushbu 20 nafar g‘oliba tizimli qo‘llab-quvvatlash, bilim va moliyaviy vositalarga kirish imkoniyati ayollarga o‘z biznesini ishonch bilan kengaytirish imkonini berishini yaqqol namoyish etadi. Bizning maqsadimiz bunday imkoniyatlarni mamlakat bo‘ylab iloji boricha ko‘proq ayollar uchun yetkazishdir”, — dedi Dilfuza Nurmatova.

Coca-Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Kazumasa Mukaye ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalasi jamiyatdan oldin, eng avvalo oiladan boshlanishini ta’kidladi.

 

Men uchun ayollar imkoniyatlarini kengaytirish masalasi uzoqdan boshlanmaydi — u o‘z oilamdan boshlanadi. Turmush o‘rtog‘im ham faoliyat yurituvchi mutaxassis va biz ish hamda oila mas’uliyatlari o‘rtasida muvozanat topish nimani anglatishini yaxshi bilamiz.

Biz ikki nafar qizni tarbiyalayapmiz va ular onasining mehnati hamda yetakchiligidan ilhom oladi. Shu sababli ular ham katta orzular qiladi. Men qizlarimiz har bir ayol o‘z tanlovini erkin amalga oshira oladigan jamiyatda ulg‘ayishini istayman.

Shu bois Coca-Cola kompaniyasi hamkorlari bilan birgalikda O‘zbekiston bo‘ylab ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga sarmoya kiritmoqda. Bugungi grantlar ayollarning salohiyati va yetakchiligini e’tirof etadi hamda yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi”, — dedi u.

BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii ham dastur ayollar biznesini rivojlantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi.

 

BMT Taraqqiyot Dasturi Hamroh, Coca-Cola va Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturini amalga oshirmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatda ayollar uchun biznes boshlash va rivojlantirish imkoniyatlari kengayib bormoqda.

Bizning maqsadimiz ayol tadbirkorlarni nafaqat biznes boshlashda, balki uni barqaror rivojlantirishda ham qo‘llab-quvvatlashdir. Shu sababli dastur doirasida mentorlik, texnik yordam va biznesni rivojlantirish bo‘yicha treninglar tashkil etilmoqda.

Bugungi tadbir esa o‘z biznesini rivojlantirib, jamiyat uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan ayol tadbirkorlarning yutuqlarini nishonlashdir”, — dedi u.

Dastur qanday ishlaydi?

WESP dasturi doirasida ayol tadbirkorlar uchun akseleratsion treninglar, mentorlik va biznesni rivojlantirish bo‘yicha maslahatlar tashkil etiladi. BMTTDning WESP loyihasi tahlilchisi Feruza Isroilovaning aytishicha, dastur doirasida butun O‘zbekiston bo‘ylab yuzlab ayol tadbirkorlar o‘qitilgan.

Loyiha doirasida ayollar uchun marketing, moliya, soliq va biznesni rivojlantirish bo‘yicha treninglar tashkil etildi. 2025 yilda 800 dan ortiq ayol tadbirkor ushbu o‘quv dasturlarida qatnashdi.

Grant tanlovi aynan shu treninglarni muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan ayollar o‘rtasida o‘tkazildi. Taqdim etilgan biznes-rejalar maxsus hay’at tomonidan baholanib, eng istiqbolli loyihalar tanlab olindi.

Saralash jarayonida tadbirkorlarning faoliyati joyiga borib o‘rganildi, biznes rejalarning iqtisodiy samaradorligi, yangi ish o‘rinlari yaratish salohiyati hamda ayollar bandligini oshirishga qo‘shadigan hissasi inobatga olindi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastur 2028 yil mart oyigacha davom etadi va keyingi bosqichlarda yana ko‘plab ayol tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Hududlardan kelgan ayol tadbirkorlar

Grant g‘olibalaridan biri, Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Bunyodkor tikuvchi qizlari” MChJ rahbari Gulhayo Shohmardonova dastur biznesini kengaytirishda muhim imkoniyat yaratganini aytdi.

Biz tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz va korxonamizda qariyb 50 nafar ayol mehnat qiladi. Grant orqali yangi uskunalar xarid qilib, ishlab chiqarish hajmini oshirishni rejalashtiryapmiz. Bu esa hududimizdagi yana ko‘plab ayollar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi”, — dedi u.

 

Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Jo‘rayeva Xushbaxt” MChJ rahbari Xushbaxt Jo‘rayeva ham grant biznesini rivojlantirish uchun muhim imkoniyat bo‘layotganini ta’kidladi.

Men 20 yildan beri tikuvchilik sohasida faoliyat yuritaman. Hozir korxonamizda qariyb 50 nafar xotin-qiz ishlaydi. Grant orqali yangi texnologiyalarni joriy etib, ishlab chiqarish hajmini oshirish va yana kamida 10 ta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtiryapmiz”, — dedi tadbirkor.

 

Dastur tashkilotchilarining ta’kidlashicha, WESP loyihasi doirasida ayol tadbirkorlarni o‘qitish, mentorlik va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali ularning biznesini kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Loyiha keyingi bosqichlarda ham davom etib, O‘zbekistonning turli hududlaridagi yana ko‘plab ayol tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish