Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pediatr bola tana harorati necha daraja bo‘lganida shifokorga murojaat qilish kerakligini aytdi
Agar bolaning harorati 39,5 darajadan yuqoriga ko‘tarilib tushmasa, shuningdek tutqanoq bilan kuzatilsa, albatta mutaxassisga murojaat qilish kerak.
Foto: Shutterstock
Pediatr, tibbiyot fanlari nomzodi Anna Levadnayaning aytishicha, zudlik bilan chora ko‘rishni talab qiladigan bir qator “qizil signallar” mavjud.
“Agar istalgan yoshdagi bolada harorat 39,5 darajadan yuqori bo‘lib, tushmasa shifokorga murojaat qilish kerak. Agar yuqori harorat tutqanoq, haddan tashqari holsizlik yoki kuchli bosh og‘rig‘i bilan birga kuzatilsa, darhol shifokorga borish lozim”, — dedi Levadnaya.
Uning ta’kidlashicha, quyidagi belgilar ham xavfli hisoblanadi: bo‘yin mushaklarining qattiqlashishi, yorug‘likka toqat qilolmaslik, ko‘krak qafasida og‘riq va nafas qisishi.
Boshqa holatlarda, agar isitma uch kundan kam davom etsa, bola faol bo‘lsa, ko‘p suyuqlik ichsa, ahvoli qoniqarli bo‘lsa, uyda vaqtincha kuzatish mumkin.
Biroq agar 37,5 darajadan yuqori harorat bir haftadan ortiq saqlansa va aniq sabablar bo‘lmasa, bu holat chuqurroq tekshiruvni talab qiladi. Bunda qon va siydik tahlillari ham o‘tkazilishi mumkin.
Shuningdek, agar uch kun ichida ahvol yaxshilanmasa yoki isitmaga yangi alomatlar qo‘shilsa, mutaxassisga murojaat qilish zarur.
Pediatrning so‘zlariga ko‘ra, uch oygacha bo‘lgan chaqaloqlarni isitmaning darajasidan qat’i nazar, shifokorga darhol ko‘rsatish kerak.