Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
KXDR Konstitutsiyasi o‘zgartirildi – uning nomidan «sotsialistik» so‘zi olib tashlandi
KXDR parlamenti Konstitutsiyaga kiritilgan yangi tuzatishlarni ma’qulladi, Kim Chen In esa mamlakatning Janubiy Koreya bilan birlashishdan voz kechish va yadroviy salohiyatni yanada oshirish yo‘lini tasdiqladi.
Foto: KCNA/Reuters
22-23 mart kunlari Pxenyanda yangi, 15-chaqiriq Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Oliy xalq majlisining (OXM) birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar bir ovozdan qabul qilindi.
24 mart kuni KXDR bosh matbuot organi bo‘lgan Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA) ba’zi tafsilotlarni keltirdi, xususan, Konstitutsiya nomidan «sotsialistik» so‘zi olib tashlandi.
KXDR yetakchisi Kim Chen In yig‘ilishda so‘zlagan nutqida Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar «davlat taraqqiyotining dolzarb ehtiyojlarini aks ettirishini» tushuntirdi. Bundan tashqari, Kim Pxenyan Janubiy Koreyani rasman «eng dushman davlat» deb tan olganini tasdiqladi.
«Biz bu davlatni aniq bayonotlar va harakatlar bilan qat’iyan e’tiborsiz qoldiramiz va rad etamiz, respublikamizga har qanday tajovuz uchun esa uni zarracha ikkilanish va shubhalarsiz katta tovon to‘lashga majbur qilamiz», deb va’da berdi Shimoliy Koreya rahbari.
Kim, shuningdek, KXDR o‘z yadroviy salohiyatini mustahkamlashda davom etishini aytib, uni nafaqat harbiy, balki iqtisodiy sohalarda ham «ishonchli kafolat va taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi» deb atadi.
«Dushman kuchlar yadro qurolidan voz kechishning qandaydir «narxi» haqida gapirib, boshqacha umid qilgan, biroq bugungi voqelik davlatimizning strategik qarori - ularning yolg‘on va’dalarini rad etish va yadro quroliga egalikni qaytarib bo‘lmaydigan va doimiy qilish qanchalik to‘g‘ri bo‘lganini yaqqol isbotlamoqda», dedi u.
OXM joriy sessiyasi so‘nggi bir yarim yil ichida uchinchi marta Asosiy qonunga o‘zgartirishlar kiritish masalasini muhokama qildi - ular 2024 yil oktabr va 2025 yil yanvar oylarida ham kiritilgan edi.
KXDR konstitutsiyaviy asoslarini qayta ko‘rib chiqishga 2024 yil yanvar oyida Kim parlamentda Janubiy Koreyaga nisbatan siyosatni o‘zgartirish zarurligi haqida bayonot berib, uni «birinchi raqamli dushman davlat» deb ataganida turtki berildi. Shimoliy Koreya rahbari o‘shanda KXDR «mustaqil sotsialistik davlat» sifatidagi aniq chegaralarini Konstitutsiyada mustahkamlashga, «tinch yo‘l bilan birlashish va buyuk milliy birlik» to‘g‘risidagi qoidalarni istisno qilishga, shuningdek, Koreya yarimorolida urush boshlangan taqdirda Janubiy Koreyaning «anneksiya qilinishi» imkoniyatini nazarda tutishga chaqirgan edi.
Kim Chen In so‘zlariga ko‘ra, aynan Seulning Pxenyan bilan qarama-qarshilik kursiga o‘tishi, Janubiy Koreya hukumatining qulashi va «yutib yuborish yo‘li bilan birlashishga» intilishi uni ilgari strategik vazifa bo‘lgan milliy birlashish kursini saqlab qolishning iloji yo‘qligi haqidagi xulosaga olib kelgan. O‘shanda birlashish va Koreyalararo turizm masalalariga mas’ul bo‘lgan uchta idora - Tinch birlashuv qo‘mitasi, Iqtisodiy hamkorlik milliy byurosi va Qimgan tog‘i xalqaro turizm ma’muriyati yopilganini ma’lum qilgandi. Ko‘p o‘tmay, Shimoliy Koreya davlat telekanallari ob-havo ma’lumotlarida Koreya yarimorolini yaxlit tarzda ko‘rsatishni to‘xtatdi va Pxenyanda «Birlashish arkasi» yodgorligi demontaj qilindi.
Mavzuga oid
12:45 / 23.03.2026
Kim Chen In yana KXDRda eng oliy lavozimga saylandi
09:37 / 19.03.2026
Rossiya KXDRdan 14,4 mlrd dollarlik harbiy yordam oldi
16:31 / 25.02.2026
Kim Chen In 13 yoshli qizini KXDR yadroviy kuchlari kuratori etib tayinladi
15:55 / 13.02.2026