Jahon | 07:44
6913
2 daqiqa o‘qiladi

Fotoqopqon bo‘ri va ayiqning g‘ayrioddiy xatti-harakatini qayd etdi

AQShning Minnesota shtatida o‘rnatilgan fotoqopqonlar yangi tutilgan baliq yonida bo‘ri va qora ayiqning kam uchraydigan hamda kutilmagan xatti-harakatini qayd etdi.

Foto: The Voyageurs Wolf Project

Voyageurs Wolf Project loyihasi tomonidan e’lon qilingan videotasvir o‘tgan bahorda, mahalliy bo‘rilar to‘dasi muntazam ravishda baliq tutadigan soy yaqinida olingan. 274 mingdan ko‘proq ko‘rilgan rolikda bo‘ri baliqni qoldirib, u yerdan ketgani aks etgan.

Shundan keyin kadrda qora ayiq paydo bo‘ladi. U ehtimoliy o‘ljani hidlab ko‘radi, ammo oxir-oqibat kutilmaganda ortiga burilib, baliqqa tegmasdan ketib qoladi. Oradan ikki kun o‘tgach, boshqa bir urg‘ochi bo‘ri kelib, baliqni olib ketadi.

Bu yozuv hayvonlarning juda qiziq va kam uchraydigan xatti-harakatini namoyish etdi. Ayiq oson o‘ljani e’tiborsiz qoldirgan, holbuki odatda ayiqlar tezda ozuqa qo‘lga kiritish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaydi.

“Ajablanarlisi shundaki, qora ayiq baliqni ko‘rib, go‘yo hayratga tushganday ko‘rindi va hatto uni tatib ham ko‘rmay, shunchaki ketib qoldi, — deydi loyiha tadqiqotchilari. — Biz ayiq bunday imkoniyatdan mamnuniyat bilan foydalanadi, deb o‘ylagan edik, ammo bu safar bunday bo‘lmadi”.

Boreal o‘rmonlarda bo‘rilar baliq tutadigan holatlar juda kam qayd etiladi. Olimlarga aynan fotoqopqonlar ushbu jarayonni kuzatish imkonini berdi.

Bundan avval kameralar o‘xshash xatti-harakatni allaqachon tasvirga olgan edi: bo‘ri baliq tutadi, uni soy qirg‘og‘ida qoldiradi va o‘ljani darhol yemay, baliq ovini davom ettirish uchun yana qaytib ketadi. Yangi video shuni taxmin qilishga imkon beradiki, ozuqani “zaxira uchun” qoldirish strategiyasi bo‘rilar orasida avval o‘ylanganidan ancha keng tarqalgan bo‘lishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid