O‘zbekiston | 19:33 / 29.03.2026
1762
3 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot xodimlariga imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

Tartibga ko‘ra, ariza beruvchining bir vaqtning o‘zida hozirgi vaqtda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotganligi hamda davlat tibbiyot muassasalarida kamida o‘n besh yil ish stajiga ega ekanligi tasdiqlanishi shart.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining 25 foizini qoplab berish tartibi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihada belgilangan tartibga ko‘ra, ariza beruvchi ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki YaIDXP davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda bir JShShIR bo‘yicha bir chorak doirasida faqat bitta ariza qabul qilinadi.

Ariza beruvchining bir vaqtning o‘zida hozirgi vaqtda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotganligi hamda davlat tibbiyot muassasalarida kamida o‘n besh yil ish stajiga ega ekanligi tasdiqlanishi shart hisoblanadi.

Har chorakning oxirgi ish kuni soat 16:00 da onlayn tarzda random tanlov o‘tkaziladi. Tanlovga faqat “Tanlovga qo‘yildi” maqomidagi arizalar kiritiladi, bunda mezonlarga to‘liq muvofiq ishtirokchilar orasidan har chorak uchun belgilangan kvota doirasida 125 nafar g‘olibni random.org sayti orqali Sog‘liqni saqlash vazirligida tashkil etilgan ishchi komissiya ishtirokida tasodifiy usulda aniqlab olinadi.

Tanlovning onlayn translatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari orqali amalga oshiriladi va yozuvi arxivlanadi. Har bir ishtirokchi shaxsiy kabinet orqali o‘z natijasini ko‘radi hamda natija haqida elektron xabarnoma oladi.

Tanlov natijasiga ko‘ra kvota doirasida 125 nafar ishtirokchiga “G‘olib” maqomi, qolgan ishtirokchilarga “Tanlovdan o‘tmadi” maqomi beriladi. “Tanlovga qo‘yildi” maqomidagi arizalar soni 125 nafardan kam bo‘lgan holatda mezonga to‘liq muvofiq kelgan barcha ishtirokchilar “G‘olib” deb topiladi va keyingi bosqichga, ya’ni hujjatlarni taqdim etish jarayoniga o‘tadi.

“G‘olib” maqomi berilgan ariza beruvchi g‘oliblik maqomi berilgan sanadan boshlab 6 oy mobaynida dasturiy ta’minot tizimi orqali ipoteka shartnomasi nusxasini va pasport (ID-karta) nusxasini elektron shaklda taqdim etadi.

G‘olib olti oylik muddatda ipoteka shartnomasi va shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasini taqdim etmasa yoki ipoteka shartnomasi amalda tuzilmaganligi tasdiqlansa, ariza “Bekor qilindi” maqomiga o‘tkaziladi va to‘lov jarayoni ushbu ariza bo‘yicha to‘xtatiladi, bu haqda ariza beruvchiga asosi ko‘rsatilgan elektron xabarnoma yuboriladi.

Mazkur hujjat loyihasi muhokamasi 2026 yil 9 aprelga qadar davom etadi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid