Jahon | 15:00 / 04.04.2026
5622
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda energiya inqirozi: hukumat shoshilinch choralarga o‘tdi

Pokistonda yonilg‘i narxlarining keskin oshishi ortidan hukumat favqulodda choralarni joriy qildi. Mamlakatda davlat tasarrufidagi jamoat transporti vaqtincha bepul qilindi.

Foto: AP

Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, bu qaror poytaxt Islomobod va mamlakatning eng yirik viloyati — Panjobda amalga oshirilmoqda va kamida 30 kun davom etadi.

Yonilg‘i narxlari so‘nggi kunlarda misli ko‘rilmagan darajada oshdi: benzin taxminan 40 foizdan ortiq, dizel esa 50 foizga yaqin qimmatlashdi.

Bu vaziyat Yaqin Sharqdagi urush tufayli neft ta’minoti uzilishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi logistika muammolari bilan bog‘lanmoqda. Pokiston energiyaning katta qismini import qilgani uchun bu o‘zgarishlar mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yonilg‘i narxlari oshishi ortidan mamlakatda norozilik namoyishlari va yonilg‘i shoxobchalarida uzun navbatlar kuzatilgan.

Hukumat aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha choralar ham e’lon qildi. Jumladan, yuk tashuvchilar, avtobuslar va mototransport egalari uchun maqsadli subsidiyalar ajratilishi rejalashtirilgan.

Mutaxassislar fikricha, bu holat global energiya bozoridagi beqarorlikning yana bir yorqin misoli bo‘lib, neft importiga bog‘liq davlatlar uchun katta xavf tug‘dirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid