O‘zbekiston | 08:48 / 04.04.2026
8003
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bank xodimi 10 ming dollar pora bilan ushlandi

Toshkent shahrida nufuzli aksiyadorlik tijorat banklaridan biri xodimi 10 ming AQSh dollarini tamagirlik yo‘li bilan olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlandi.

Foto: Videodan kadr

Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda poytaxtda faoliyat yurituvchi nufuzli aksiyadorlik tijorat banklaridan birining katta eksperti xizmat ko‘rsatish sohasiga ixtisoslashgan MChJ rahbaridan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur shaxs o‘zining tanishlari orqali Samarqand viloyatida joylashgan banklardan biri orqali ushbu MChJga 1 milliard 250 million so‘m miqdorida kredit olib berishni va’da qilgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qonundan ustun hech kim yo‘qligini, mansab va maqom javobgarlikdan ozod etmasligini yana bir bor eslatdi.

Shuningdek, fuqarolarga shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilish mumkinligi, murojaat etuvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanishi bildirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid