Jamiyat | 20:48
2717
2 daqiqa o‘qiladi

Kassatsiya sudi Furqat tumani IIB sobiq amaldorlariga nisbatan sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi

Andijon viloyati sudi kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan Farg‘ona viloyati Furqat tuman ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga nisbatan chiqarilgan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi. Ular Gulira’no Qosimova ishida Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan aybli deb topilgandi.

Foto: Andijon viloyati sudlari axborot xizmati

Furqat tuman ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Andijon viloyati sudi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Bu haqda Andijon viloyati sudlari axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kassatsiya instansiyasi ajrimi bilan Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulovga nisbatan chiqarilgan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Sud qarorlari ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda taftish instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli ekani bildirilgan.

Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov JIB Quva tuman sudining 2025 yil 28 noyabrdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) 2-qismi “b” bandi, 142-moddasi (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 230-2-moddasi (Tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) 1-qismi va 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgandi.

Ularga 3 yil muddatga Ichki ishlar vazirligi tizimida hamda davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan ham mahrum qilingan holda 4 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid