Ta’lim | 09:36
2076
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijda ilmiy daraja olganlar uchun yangi tartib joriy etildi

O‘zbekistonda xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalarni tan olish tartibi rasman belgilandi. Yangi tartibga ko‘ra, talabgorlar davlat xizmati orqali hujjatlarini topshirib, nostrifikatsiya jarayonidan o‘tkazadi.

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 apreldagi 161-son qarori bilan “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, xorijiy davlatlar attestatsiya organlari yoki qonunchilikka muvofiq oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan ilmiy darajalar vakolatli organ tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib yoki ayrim hollarda ekspertizasiz ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi.

Talabgorlar davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Arizaga ilmiy daraja haqidagi notarial tasdiqlangan hujjat hamda dissertatsiya nusxasi ilova qilinadi.

Xizmat ko‘rsatish uchun BHMning 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi. Hujjatning haqiqiyligi tasdiqlanganidan so‘ng 20 kun ichida ilmiy ekspertiza o‘tkaziladi.

Ekspertiza natijalariga ko‘ra, ijobiy xulosa berilsa, nostrifikatsiya qilingani haqida guvohnoma taqdim etiladi, aks holda rad etish haqida qaror chiqariladi.

Mazkur guvohnomalar elektron hujjatlar repozitoriysida saqlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid