Ko‘chmas mulk | 21:08 / 13.04.2026
2268
3 daqiqa o‘qiladi

«Bitta ega muhimmi yoki 80 ta egami?» - Sherzod Qudbiyev renovatsiya uchun rozilik chegarasining pasaytirilgani haqida

Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev renovatsiya loyihalari doirasida uy egalarining rozilik chegarasi 100 foizdan 80 foizga pasaytirilganiga izoh berdi. «5−7 foizning fikri muhimmi yoki 80 foizning fikri muhimmi? Biz jamiyat sifatida shunga javob berishimiz kerak-da», - dedi u.

Foto: YouTube

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2025 yilda qabul qilingan renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasida qurilish va buzish ishlari mulkdorning 100 foiz roziligi bilangina amalga oshirilishi mumkinligi ko‘zda tutilgandi. Ammo Senatning 7 apreldagi majlisida ma’qullangan hujjat versiyasida rozilik chegarasi 80 foizga tushirildi.

Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev 10 aprel kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda nima uchun rozilik chegarasi tushirilganiga izoh berdi.

«Bitta ega muhimmi yoki 80 ta egami? Shu savolga o‘zimiz ham javob beraylik-da. Mana bu yerda o‘tiribmiz, 80 foizimiz chiroyli, bahavo joyda yashashga rozimiz. Lekin 15−20 foizimiz norozi. Lekin bu ham 15−20 foiz bo‘lmaydi. Mana, kadastrni tahlil qilyapmiz, 10 foizdan yuqori obektlar vaqtida rasmiylashtirilmagan mulklar yoki vafot etgan, meros huquqi qilinmagan yoki chet elda bo‘lgan shaxslar. Ularga o‘rtacha 10−13 foiz to‘g‘ri kelyapti. 5−7 foizi qolyapti norozilar. 5−7 foizning fikri muhimmi yoki 80 foizning fikri muhimmi? Biz jamiyat sifatida shunga javob berishimiz kerak-da», — dedi u.

Qudbiyevning qo‘shimcha qilishicha, renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi va tartibga solish «qumdoni» doirasida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uy-joy mulkdorlarining 80 foiz roziligi talab etiladigan norma joriy etilyapti. Ammo bu bu xususiy investorlarga taalluqli bo‘lmaydi. Ko‘chmas mulkni sotib olish davlat investitsiya kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

«Faqat davlat, invest kompaniya sotib oladi va u 80 foizgacha hamma bilan kelishadi. Kvadrat metr nuqtayi nazaridan bo‘ldimi, son nuqtayi nazaridan bo‘ldimi, aniq esimda yo‘q hozir. Lekin 80 foizga kelishadi. Shundan keyin invest kompaniya qolgan 20 foizga aytadiki, men 80 foizi bilan kelishdim, kvadrat metr o‘rtacha narxi shuncha bo‘ldi. Menda endi sudga kiritish vakolatim bor. Kel, kelishaylik, degan ma’noda. Ya’ni, mana, 80 foizning huquqi bor-da, ularning ham huquqini o‘ylaylik. Mayli, bizda mulk huquqi degan tushuncha bor, lekin bir odam tufayli qolganlar azob chekmasligi kerak-ku, to‘g‘rimi?” dedi Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi raisi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning ta’kidlashicha, yangi tizim avvalroq Akay City loyihasida kuzatilganidek aholi va quruvchi kompaniyalar o‘rtasidagi ziddiyatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid