Jahon | 08:05
6476
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng xushmuomala davlatlar reytingi e’lon qilindi

4600 nafardan ortiq kishi ishtirok etgan Remitly kompaniyasi o‘tkazgan yangi so‘rovnoma yaqqol yetakchini aniqladi. Yaponiya barcha ovozlarning 35 foizidan ortig‘ini to‘plab, ro‘yxatdagi boshqa barcha mamlakatlarni ancha ortda qoldirdi.

Foto: recordchina.co

Ushbu reyting dunyoning turli hududlarida xushmuomalalik qanday turlicha qabul qilinishini ko‘rsatadi, shuningdek, ayniqsa Yevropa va Osiyoda sezilarli mintaqaviy tendensiyalarni ham ochib beradi.

Xushmuomalalik haqidagi tasavvur ko‘p narsaga — turistik tajribadan tortib xalqaro biznes munosabatlarigacha ta’sir qiladi. Sayohatchilar uchun bunday reytinglar xorijdagi xulq-atvor me’yorlari, mehmondo‘stlik va kundalik muloqotga oid kutilmalarni shakllantiradi.

Yaponiya 35,2 foiz ovoz to‘plab, ishonchli ravishda birinchi o‘rinni egalladi — bu ikkinchi o‘rinni olgan Kanada natijasidan qariyb uch baravar ko‘p. Boshqa hech bir mamlakat hatto 15 foizlik ko‘rsatkichdan ham o‘ta olmagani Yaponiyaning bu masaladagi jahon miqyosidagi obro‘si naqadar kuchli ekanini ko‘rsatadi.

Yapon madaniyati hurmat, odob-axloq va ijtimoiy uyg‘unlikka katta e’tibor qaratishi bilan mashhur. An’analar va yaxshi tanilgan madaniy xususiyatlar uyg‘unligi mamlakatga deyarli butun dunyo bo‘ylab yuqori baho olib keldi.

Yaponlarning xushmuomalaligi haqidagi stereotiplar tozalik va punktuallikka bo‘lgan e’tibor kabi jihatlar bilan ham mustahkamlanadi. Chet elliklarni ko‘pincha ta’zim qilish hurmat ifodasi sifatida, shuningdek, jamoat transportidagi nisbatan sokin muhit hayratga soladi.

Kanada 13,4 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi — bu Yaponiya natijasining yarmidan ham kam. Bu esa yetakchi bilan qolgan ishtirokchilar o‘rtasidagi katta farqni ko‘rsatadi. Shimoliy Amerikadagi ushbu yirik mamlakat qator tadqiqotlarda dunyodagi eng hurmatli davlatlardan biri sifatida e’tirof etilgan, kanadaliklar esa azaldan eng do‘stona munosabatdagi insonlar qatorida sanaladi.

Kundalik muloqotdagi mehmondo‘stlik va xushmuomalalik Kanadaning xalqaro obro‘sini mustahkamlagan. Ayrim hollarda bu jihat uning janubiy qo‘shnisi — AQSh bilan taqqoslash orqali ham yaqqolroq ko‘rinadi. AQSh Kanada natijasining atigi o‘ndan bir qismiga yaqin — 1,6 foiz ovoz olgan.

Uchinchi o‘rinda 6,2 foiz natija bilan Buyuk Britaniya joylashdi va shu tariqa reytingda Yevropaning kuchli ishtirokiga yo‘l ochdi. Umuman olganda, top-25 mamlakatning yarmidan ko‘pi Yevropaga to‘g‘ri keladi, bu esa jahon miqyosida xushmuomalalik ko‘pincha aynan shu hudud bilan bog‘lanishini anglatadi.

Ayniqsa, Shimoliy Yevropa mamlakatlari yaxshi natija ko‘rsatdi: Buyuk Britaniyadan tashqari, o‘ntalikka Germaniya (2,8 foiz), shuningdek, Skandinaviya davlatlari — Shvetsiya (2,3 foiz), Daniya (2,1 foiz) va Finlandiya (1,9 foiz) ham kirdi.

Shu bilan birga, Osiyo mamlakatlari ro‘yxatning taxminan beshdan bir qismini egallagan bo‘lsa, Afrika top-25 ro‘yxatda faqat bitta davlat — Janubiy Afrika Respublikasi bilan namoyon bo‘ldi. U 1,8 foiz natija bilan dunyoda 10-o‘rinni egalladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid