Jamiyat | 19:04
6126
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda maktab o‘quvchilariga pulga 3D formatda qo‘rqinchli film namoyish qilindi

Film namoyishini “Xur-makon olami” MChJ tashkillashtirgan. Bu MChJni maktablarga Uchtepa tumani hokimi o‘rinbosari Oybek Rahmonberdiyev tavsiya qilgan. Tomoshaga kirgan har bir o‘quvchidan 25 ming so‘mdan yig‘ib olingan. Eng qizig‘i hokim o‘rinbosari tavsiya qilgan MChJ tugatilgan va davlat reyestrida yo‘q.  

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi maktablarda o‘quvchilarga qo‘rqinchli film qo‘yib berildi. Bu haqda Kun.uz’ga murojaat kelib tushdi.

Bolalar qo‘rquvdan baqirgan

Kun.uz’ning aniqlashicha, hududdagi maktablardan birida 12 aprel – Jahon aviatsiya va kosmonavtikasi kuni munosabati bilan “planetariy keladi”, deya o‘quvchilardan 25 ming so‘mdan yig‘ib olingan. Ammo “planetariy” o‘rniga bolalarga 3D formatda vahshiylikni targ‘ib qiluvchi qo‘rqinchli film namoyish qilingan.

Holat yuzasidan Kun.uz’ga taqdim qilingan videolavhalarda ekranda odam shaklidagi qo‘rqinchli maxluq tasviri namoyish qilingani, bolalar qo‘rquvdan baqirib yuborgani ko‘rinadi.

“Xonto‘rayeva buyruq berdi”

Kun.uz film namoyish qilingan maktablardan birining direktori (iltimosiga binoan tahririyat uning ismini ochiqlamaslikka qaror qildi) bilan suhbatlashdi. Uning ma’lum qilishicha, ushbu tomosha Uchtepa tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Nargiza Xonto‘rayevaning buyrug‘i bilan bo‘lgan.

Xur-makon olami” MChJ tomonidan 3D formatda tomosha qilinadigan ko‘chma kinoteatr kelgandi. Biz aralashganimiz yo‘q: o‘zi pulini belgilab, o‘zi yig‘ib ketgan. Xat asosida kelgani uchun maktabga kirishga ruxsat berdim. Yuqori sinf o‘quvchilari hech narsani his qilmabdi. Ammo 1-sinf o‘quvchilarida qo‘rquv bo‘libdi. O‘zimning oldimga ham ota-onalar keldi”, dedi maktab direktori.

Uning qo‘shimcha qilishicha, film tomoshasiga asosan quyi sinf o‘quvchilari kirgan. 

O‘quvchilardan zo‘r ekanmi, deya so‘rasam, zo‘r, faqat qo‘rqdik, deb chiqishdi. Eshitishimcha, bu faqat maktablarda emas, bog‘chalarda ham qo‘yib berilyapti ekan”, dedi u.

“Zamhokim”ning xati

Maktablarda o‘quvchilar puli evaziga qo‘rqinchli filmlar namoyish qilish Uchtepa tumani hokimi o‘rinbosari Oybek Rahmonberdiyevning “tavsiya xati” asosida amalga oshirilgan. Ya’ni “zamhokim”ning ushbu xati tashkilotchi MChJga maktablar darvozasini lang ochib bergan.

Oybek Rahmonberdiyevning xati Uchtepa tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Nargiza Xonto‘rayevaga chiqarilgan. Unda “Xur-makon olami” MChJ tomonidan yangi innovatsion 3D formatdagi 360 gradusda tomosha tashkil etilgani aytiladi. 

Bunday filmlarni tomosha qilish jarayonida bolalar atrof-muhit haqida real voqea asosida tushunchalarga ega bo‘ladilar. Bu esa bolalarning bilim saviyasi va dunyoqarashini shakllantiradi. Yangi innovatsion g‘oyalarga bo‘lgan intilishini oshiradi”, deyilgan hokim o‘rinbosari xatida.

MChJ tugatilgan

Oybek Rahmonberdiyevning Nargiza Xonto‘rayevaga xati 2026 yil 30 mart kuni chiqarilgan. Ammo xatda nomi keltirilgan “Xur-makon olami” MChJ faoliyati allaqachon tugatilib ketgani aniqlandi.

Ochiq manbalarga ko‘ra, “Xur-makon olami” MChJ 2022 yil 19 oktyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Yagona ta’sischisi va rahbari Ravshan G‘ofurov bo‘lgan MChJ ayni paytda faoliyat ko‘rsatmayotgani qayd etilgan.

Kun.uz gaplashgan maktab direktori esa chipta pulini firma vakili olib ketganini, maktab ma’muriyati bu jarayonga aralashmaganini aytdi.  

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid