O‘zbekiston | 08:32 / 21.04.2026
2727
2 daqiqa o‘qiladi

Ishchi viza va’dasi bilan minglab dollar talab qilganlar ushlandi

Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida fuqarolarni chet elga ishga yuborishni va’da qilib, ulardan katta miqdorda pul talab qilgan shaxslar tezkor tadbirlar davomida qo‘lga olindi. Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Prokuratura departamenti

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari Xatirchi tumanida yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, barcha hujjatlarni o‘zi tayyorlab berishini aytgan holda, uni Bolgariyaga ishga yuborish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida ham shu kabi holat fosh etildi. Toshkent viloyatida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs ikki nafar fuqaroni Isroilga ishlash uchun yuborish va ishchi vizasini tanishlari orqali tayyorlatib berishni va’da qilib, ulardan 20 ming AQSh dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida mazkur shaxs Qashqadaryo viloyatiga kelib, so‘ralgan mablag‘ning 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutasaddilar fuqarolarni xorijga ishga yuborish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardagi turli takliflarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda. Ta’kidlanishicha, bunday holatlarda faqat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi yoki tegishli litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari xizmatlaridan foydalanish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, fuqarolarga kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish tavsiya etildi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanishi bildirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid