O‘zbekiston | 09:05
6190
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning sobiq bosh vazir o‘rinbosari vafot etdi

O‘zbekistonda taniqli davlat va jamoat arbobi, sobiq bosh vazir o‘rinbosari Rim Abdulovich Giniyatullin 83 yoshida vafot etdi. Uning mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi keng jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan.

Ma’lum qilinishicha, Rim Giniyatullin 2026 yil 19 aprel kuni hayotdan ko‘z yumgan.

U 1943 yil 18 sentabrda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tug‘ilgan. 1963 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash institutini muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida u O‘zbekiston qurilish vazirligida oddiy ishchidan tortib, usta va bosh muhandis lavozimlarigacha ko‘tarildi. Keyinchalik suv xo‘jaligi sohasida turli rahbarlik vazifalarida ishlab, katta tajriba to‘pladi.

Rim Giniyatullin 1989–1996 yillarda melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, 1996–1997 yillarda esa O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritdi. U suv va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish orqali mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan.

Shuningdek, u Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasida ham faol ishtirok etib, ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etgan.

Uning xizmatlari davlat tomonidan munosib baholanib, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, shuningdek, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish