Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urush tugaganiga ishonmagan “samuray” – 1974 yilgacha Filippinda jang qilgan yapon zobiti kim edi?
1974 yilda Filippinda 52 yoshli yapon zobiti mamlakat harbiylariga taslim bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, Ikkinchi jahon urushidan buyon Filippinda qolib kelayotgan bu yapon uzoq yillar davomida qalin o‘rmonda yashab, Yaponiyaning 1945 yilda taslim bo‘lganini bilmagan holda filippinliklarga qarshi jang qilgan.
1930-yillarning ikkinchi yarmida dunyoning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan Yaponiya uchun Ikkinchi jahon urushi alamli mag‘lubiyat bilan tugaydi.
Urushgacha Saxalin orolidan Avstraliya qit’asi shimoligacha juda katta hududni qo‘lga kiritgan yaponlar 1941 yil dekabrda AQShning Havay orollarida joylashgan Perl Harbor aviabazasini bombardimon qiladi.
Shundan so‘ng o‘sha paytda harbiy qudrat jihatdan eng kuchli davlatlarning biri bo‘lgan AQSh Yaponiyaga urush e’lon qiladi.
1945 yil mayda Fashistlar Germaniyasi yengilgach, SSSR, Britaniya, Fransiya va AQShdan iborat ittifoqchilar o‘z kuchlarini Yaponiyaga qarshi urushga tashlaydi.
1945 yil avgust oyi boshlarida AQSh harbiylari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga ikkita atom bomba tashlaydi. Oqibatda har ikki shahar kultepaga aylanadi va bir necha yuz ming odam halok bo‘ladi.
1945 yil 15 avgust kuni imperator Xiroxito Yaponiya so‘zsiz taslim bo‘lgani haqida e’lon qiladi. Sentyabr oyi boshlarida shu haqdagi akt imzolanadi. Shu bilan Ikkinchi jahon urushi tugaydi. Ammo hamma uchun emas.
O‘sha paytda Janubiy-Sharqiy Osiyodagi aksariyat davlatlarda Yaponiya armiyasi bo‘linmalari bor edi. Ularning aksariyati o‘z davlatining taslim bo‘lganini eshitib ortga qaytadi. Ayrimlar esa urush tugaganini bilmaydi va jang qilishda davom etadi.
Hatto ularning ba’zilari 1970 yillargacha Yaponiyaning taslim bo‘lganini bilmagan holda o‘rmonlarda qolib, mahalliy aholiga va politsiya bo‘limlariga hujumlar uyushtirib turadi. Ana shularning biri Xiro Onoda ismli zobit edi.
Savdogardan chiqqan zobit
1922 yilda tug‘ilgan Xiro Onoda maktabda o‘qib yurgan paytlarida yapon milliy qilichbozlik san’atidan dars oladi. Maktabni bitirgach, xususiy kompaniyalarning biriga ishga kiradi.
O‘sha paytda Xitoyning bir qismi yaponlar boshqaruvida edi va kompaniya Onodani shu mamlakatdagi bo‘limiga ishga yuboradi.
1942 yilda u harbiy xizmatga chaqiriladi va Onoda Yaponiyaga qaytadi. U harbiy faoliyatni oddiy askarlikdan boshlaydi, keyinroq harbiy bilim yurtida o‘qib zobitga aylanadi.
1944 yilda Onoda Filippinga yuboriladi O‘sha paytda bu davlat Yaponiya mustamlakasi edi. Yapon harbiylari bu yerda partizanlar va ularga yordam berayotgan AQSh harbiylariga qarshi jang qilayotgandi.
22 yoshli zobit Filippindagi xizmatni maxsus bo‘linma qo‘mondoni sifatida boshlaydi.
Ko‘p o‘tmay AQSh armiyasi yaponlarni Filippindan siqib chiqaradi. 1945 yilda Yaponiya armiyasi Filippinni tark etishidan avval Onoda shu mamlakatga tegishli Lubang oroliga yuboriladi.
O‘shanda orolga jo‘nab turgan Onodaga armiya shtabi qo‘mondoni shunday deydi:
“O‘z joniga qasd qilish mutlaqo taqiqlanadi. Sen 3-5 yilcha sabr qil. Biz, albatta, qaytamiz. Sen yolg‘iz qolsang ham, o‘rmondagi mevalar bilan oziqlanib bo‘lsa-da, jangni davom ettir. Qaytaraman, o‘zini o‘ldirish qat’iyan taqiqlanadi”.
Shu tariqa, Onoda Lubang oroliga jo‘nab ketadi. Yaponiya armiyasi esa Filippinni butunlay tark etadi.

Yaponiyaning taslim bo‘lganiga ishonmagan jangchi
1945 yil 2 sentabr kuni Yaponiyaning so‘zsiz taslim bo‘lgani haqidagi akt imzolanadi. O‘sha paytda Janubiy-Sharqiy Osiyoning aksar mamlakatlarida kam sonli bo‘lsa-da yapon harbiylari bor edi.
Zamonaviy aloqa vositalari bo‘lmagan o‘sha davrda amerikaliklar barchani yaponlarning taslim bo‘lgani haqida xabardor qilish uchun aviatsiya yordamida varaqalar sochib chiqadi.
Lubang orolida bo‘lgan Onoda ham bunday varaqalarni ko‘radi. Biroq unda yozilgan gaplarga ishonmaydi. U amerikaliklar yaponlarni topish va qo‘lga tushirish uchun shunday hiyla ishlatyapti deb o‘ylaydi.
1945 yilning oxirroqlarida Lubang orolidagi o‘rmonlar ustidan Yaponiyaning 14-armiyasi qo‘mondoni Tomoyuki Yamasitaning yapon harbiylariga qurollarni topshirish va taslim bo‘lish haqidagi buyrug‘i yozilgan varaqalar ham tashlanadi. Onoda bunga ham ishonmaydi.
O‘sha paytda Lubang orolida Onoda yolg‘iz emasdi. Yana bir qancha yapon harbiylari bor edi. Ular ham Onodaga o‘xshab avvaliga Yaponiya taslim bo‘lganiga ishonmaydi.
1946 yil boshlarida Lubangdagi yapon harbiylarining bir qismi Filippin harbiylari bilan bo‘lgan janglarda halok bo‘ladi. O‘sha yili aprelda 50 ga yaqin yapon harbiylari filippinliklarga taslim bo‘ladi.
Biroq Onoda taslim bo‘lmaydi va u qo‘l ostidagi uch kishi bilan qarshilikni davom ettiradi. 1946 yilda aloqa uzilgani uchun Yaponiya hukumati Onoda va uning guruhini halok bo‘lganlar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yadi.
1950 yilda Onodaning guruhida bo‘lgan askar Yuiti Akatsu filippinliklarga asir tushadi. Uni Yaponiyaga jo‘natib yuborishadi. Akatsu vatanga qaytgach, Onoda va yana ikki nafar yapon harbiylari qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgani haqida gapiradi.
Yaponlar Onoda va uning sheriklarini ham ortga qaytarish uchun Filippin tomonga ular turgan joy haqida xabar beradi. Biroq yapon harbiylarini topib bo‘lmaydi. Chunki Onoda qo‘l ostidagilar bilan joyini o‘zgartirgandi.
1954 yilda Onodaning yana bir sherigi Filippin armiyasi bilan sodir bo‘lgan otishmada halok bo‘ladi. Endi guruhda ikki kishi qoladi.
O‘sha yili Yaponiya hukumati Filippin orollarida qolib ketgan o‘z harbiylarini qidirib topish uchun maxsus komissiya tuzadi. Komissiya Filippindan tegishli ruxsatnomani oladi va harbiylarni izlash boshlanadi.
Yaponlar Akatsu bergan ma’lumotlar asosida qariyb olti yil qidiruv ishlarini olib boradi. Biroq natija bo‘lmaydi. 1959 yilda Onoda va uning sheriklari yana halok bo‘lgan deb e’lon qilinadi.
Biroq Onoda halok bo‘lmagan va qo‘l ostidagi bir nafar askar bilan qalin o‘rmonlar ichida yashirinib yurgandi.
Yolg‘iz samuray
1972 yilda Filippin harbiylari Onodaning sherigini o‘ldiradi va u yolg‘iz qoladi. Biroq shunda ham qarshilikni davom ettiradi.
Onoda yana ikki yil yolg‘iz holda Filippin armiyasi va politsiya xodimlariga qarshi partizanlik urushi olib boradi.
1974 yilda Norio Sudzuki ism-sharifli talaba Filippinga otlanadi. Uning maqsadi Onodani qidirib topish edi. Sudzuki Lubang orolidagi qalin o‘rmonlarda to‘rt kun kezadi va Onodaga duch keladi.
O‘shanda qalin o‘rmonda yashirinib yurgan Onoda qurolsiz yurgan yigitni ko‘radi. So‘ng uni filippinlik deb o‘ylab, hujum qilish uchun yigitning ro‘parasiga chiqadi.
Talaba yigit negadir uni ko‘rib qochmaydi va yapon tilida gap boshlaydi. Talabaning yapon ekanini bilgan Onoda unga tegmaydi. Shu joyda Sudzuki Onodaga Yaponiya 1945 yilda taslim bo‘lganini aytadi. Shunda u yig‘lab yuboradi.
O‘shanda Sudzuki Onodani vatanga qaytishga da’vat qiladi. Biroq zobit o‘z qo‘mondoni buyruq bermaguncha Lubang orolini tark etmasligini va qarshilikni to‘xtatmasligini aytadi.
Sudzuki Yaponiyaga qaytadi va Onodaning tirikligi OAV orqali butun mamlakatga ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng Yaponiya hukumati Onodaning sobiq qo‘mondon Yosimi Tanugitiga aloqaga chiqadi.
1974 yilda Tanugiti Lubang oroliga boradi va Onoda bilan aloqa bog‘lab, 1945 yilda berilgan buyruqni bekor qiladi. Shundan so‘ng Onoda filippinliklarga taslim bo‘ladi. O‘sha paytda u 52 yoshda edi.
Filippin qonunlariga ko‘ra uzoq yillar davomida harbiylarga va politsiyaga hujum qilgan, mahalliy aholini o‘ldirgan Onodani o‘lim jazosi kutayotgandi.
Chunki qariyb 30 yil davomida Onoda o‘z sheriklari bilan 30 dan ortiq filippinlikni o‘ldirgan, 100 dan ortiq odamni yarador qilgandi.
Biroq o‘rtaga Yaponiya tashqi ishlar vazirligi tushadi va Filippin hukumatidan keksa zobitni afv etishni so‘raydi. Filippinliklar uni kechirishadi.
Onodaning taslim bo‘lish marosimida Filippin prezidenti Ferdinand Markos ham ishtirok etadi. Yapon zobiti taslim bo‘lganini anglatish maqsadida qo‘lidagi qilichni shaxsan prezidentning o‘ziga topshiradi.
Shon-shuhratga burkangan zobit
1974 yil 12 mart kuni Onoda Yaponiyaga qaytib keladi. O‘sha paytda uning ota-onasi va boshqa yaqinlari tirik edi. Aeroportda uni akasi, 86 yoshli otasi va 88 yoshli onasi, hukumat mulozimlari hamda ko‘p sonli OAV vakillari kutib oladi.
Yaponiyada Onoda milliy qahramon sifatida qarshilanadi. Telekanallar u haqda ko‘rsatuvlar tayyorlaydi. Gazetalarda maqolalar e’lon qilinadi.
Biroq keksa zobitni sovuq qarshilaganlar ham bo‘ladi. Yaponiya komunistik partiyasi, sotsial-demokratik partiya vakillari shular jumlasidan edi.
Yaponiya hukumati Onodaga 1 mln iyena miqdorida mukofot puli ajratadi. Biroq “keksa samuray” pullarni xayriya qilib yuboradi.
Filippin changalzorlarida yurgan Onoda o‘sha paytda yuksak taraqqiyotga erishgan Yaponiyadagi turmush tarziga moslasha olmaydi. U akasi bilan Braziliyaga ko‘chib ketadi. Keyinchalik u bir muddat Yaponiyada, yana bir muddat Braziliyada yashaydi.
1996 yilda Onoda Lubang oroliga tashrif buyuradi va hayotining qariyb 30 yili o‘tgan joylarni tomosha qiladi. Bir paytlar o‘zi zarar yetkazgan maktabga 10 ming dollar xayriya qiladi.
Xiro Onoda 2014 yil 16 yanvar kuni Tokioda 92 yoshida vafot etadi. Ungacha Onoda Braziliyaning oliy mukofotini oladi. 2011 yilda esa Lubang orolida unga bag‘ishlangan sayyohlik majmuasi barpo etiladi.
Qisqasi, urushdan so‘ng qariyb 30 yil o‘z qo‘mondonlari buyrug‘iga sodiq qolgan “samuray” umrining oxirigacha shon-sharafga burkanib yashaydi.
Mavzuga oid
15:09 / 24.02.2026
Haaga sudi Filippin sobiq prezidenti ishi bo‘yicha eshituvlarni boshladi
11:46 / 17.11.2025
Filippin poytaxtida yuz minglab odamlar korrupsiyaga qarshi norozilikka chiqdi
21:35 / 09.11.2025
Filippinda yaqinlashib kelayotgan tayfun sababli qariyb bir mln kishi evakuatsiya qilindi
08:37 / 06.11.2025