Ta’lim | 08:19
1118
2 daqiqa o‘qiladi

Qaysi mamlakatlarda diplomlilar ko‘proq? Infografika

Ayrim mamlakatlarda oliy yoki maktabdan keyingi ta’lim aholining katta qismi uchun ochiq imkoniyat bo‘lsa, boshqalarida u hamon kam sonlilar uchun xos imtiyoz bo‘lib qolmoqda. Yangi infografikada dunyo davlatlarida 25 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan aholining qaysi qismi maktabdan keyingi ta’lim - kollejlar yoki oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgani ko‘rsatilgan.

Infografika mualliflari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning “Ta’limga nazar — 2025” hisobotidagi ma’lumotlardan foydalangan. Ushbu ma’lumotlar faqat universitet bitiruvchilarinigina emas, balki boshqa oliy ta’lim muassasalari, qisqa muddatli dasturlar va ayrim kollejlarni tamomlaganlarni ham qamrab oladi.

Reytingda Kanada yetakchilik qilmoqda. U yerda katta yoshli fuqarolarning 63 foizi diplom olgan. Bu reytingda 60 foizlik ko‘rsatkichdan oshgan yagona mamlakat hisoblanadi.

Yana o‘nta mamlakatda aholining 50 foizidan ortig‘i maktabdan keyingi ta’lim olgan. Bu davlatlar qatoriga Irlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Lyuksemburg, Buyuk Britaniya, Avstriya, Shvetsiya, Isroil, AQSh va Norvegiya kirgan.

Infografika: qaysi mamlakatlarda maktabdan keyin ta’lim olganlar ko‘proq / © Clayton Wadsworth, Visual Capitalist

Reytingning eng quyi pog‘onasidan Janubiy Afrika Respublikasi joy olgan. U yerda faqat 9 foiz aholi maktabdan keyingi ta’lim olgan. Qizig‘i shundaki, reyting autsayderlari orasida Hindiston (14 foiz) va Xitoy (19 foiz) ham bor.

Shuni inobatga olish kerakki, reytingga dunyoning barcha mamlakatlari kiritilmagan. Jumladan, unda Rossiya ham yo‘q. Biroq Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti 2021 yilda Rossiyani ham maktabdan keyingi ta’lim olgan aholi ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiritgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid