O‘zbekiston | 08:48
779
2 daqiqa o‘qiladi

Hakamlik sudlari ko‘rib chiqmaydigan nizolar doirasi kengaydi

O‘zbekistonda hakamlik sudlari faoliyatini tartibga solish va ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi qonunchilik o‘zgarishlari qabul qilindi.

Qonun (O‘RQ–1141-son, 2026 yil 21 aprel) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, endi ayrim turdagi nizolar hakamlik sudlari tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

Jumladan, yer munosabatlari bilan bog‘liq nizolar, binolar va inshootlarga egalik huquqini belgilash masalalari, shuningdek budjet tizimi mablag‘laridan va davlat organlari, tashkilotlari, muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalardan pul mablag‘larini undirishga doir nizolar hakamlik sudlari vakolatiga kirmaydi.

Shu bilan birga, hakamlik sudyalari uchun yangi talablar joriy etildi. Unga ko‘ra, ular Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan maxsus o‘quv dasturi asosida tayyorgarlikdan o‘tishi va o‘z bilim hamda kasbiy malakasini muntazam ravishda oshirib borishi shart.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, hakamlik sudlarini qonunga xilof ravishda tashkil etish mansabdor shaxslarga nisbatan BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hakamlik bitimi taraflari sifatida ishtirok etgan taqdirda (jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa), mansabdor shaxslarga xuddi shunday miqdorda jarima qo‘llanishi belgilandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish