Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Finaldan oldingi final. «PSJ» va «Bavariya» tarixiy o‘yin o‘tkazdi
Grand jamoalar o‘yinida nega bu qadar ko‘p gol urildi?
YeChL yarimfinali doirasida Parijda «PSJ» va «Bavariya» klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 9 ta gol urildi. Spors.ru portali tahlilchilari Vadim Lukomskiy va Artyom Denisov bunchalik ko‘p gol qayerdan kelganini ko‘rib chiqishdi.
«PSJ» – «Bavariya» 5:4
Gollar: Keyn, 17 – penalti (0:1). Kvaratsxeliya, 24 (1:1). Joau Nevesh, 33 (2:1). Olise, 41 (2:2). Dembele, 45+5 – penalti (3:2). Kvaratsxeliya, 56 (4:2). Dembele, 58 (5:2). Upamekano, 65 (5:3). Dias, 68 (5:4)
«PSJ»: Safonov, Markinios, Pacho, Nunu Mendesh (Ernandez, 84), Hakimi, Vitinya, Joau Nevesh, Zair-Emeri (Ruis, 64), Kvaratsxeliya (Mayulu, 84), Due (Barkolya, 70), Dembele
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano, Ta, Deyvis (Laymer, 46), Stanishich, Kimmih, Pavlovich (Jyekson, 90+3), Musiala (Goretska, 79), Dias, Olise, Keyn
Ogohlantirishlar: Markinios, 12. Ruis, 77. Hakimi, 80

Ajoyib realizatsiya: Xvicha – asosiy master
Jamoalarning juda yuqori statistika namoyish etishdi: «PSJ»da xG – 1,89, «Bavariya»da – 2,52. Ikki jamoaga jami 4,5 xG – bu ko‘p, ammo amaldagi gollar yanada ko‘proq bo‘ldi.
Yanada yorqinroq fakt: «PSJ» darvoza sohasi tomon besh bor zarba yo‘lladi. Barcha zarbalar golga aylandi. Opta xabariga ko‘ra, YeChL pley-offida darvozabon o‘yinda birorta seyv amalga oshirmasdan beshta gol o‘tkazib yuborgan holat 2000 yilda kuzatilgan: chorakfinalda «Chelsi» darvozaboni Ed de Guy «Barselona»ga qarshi o‘yinda shunday statistika qayd etgan. Bu Manuel Noyyer uchun juda yomon oqshomga aylandi, lekin uni o‘tkazilgan gollarda ayblash ham qiyin, uning to‘pni oldinga uzatishdagi noaniq harakatlari ko‘proq hayron qoldirdi.
Xvicha Kvaratsxeliya shu oqshom Noyyer uchun dahshatli tushga aylandi. Gurjistonlik vinger ikki bor zarba berib, ikki gol urdi. Ayniqsa birinchi gol chiroyli chiqdi: u Yosip Stanishichning ortida ochilib, Dezire Duening pasini qabul qildi va to‘pni o‘ngga olib o‘tib, olis burchakka ideal zarba yo‘lladi – to‘p ustunga tekkan holda darvoza to‘riga kirib ketdi.
Xvicha pley-offda barcha raqiblarga dahshat solmoqda: u deyarli har o‘yinda golli harakat amalga oshirmoqda (7+2) – faqat «Monako» o‘tish o‘yinidagi javob o‘yinida undan jabr ko‘rmagan.
«Bavariya»da esa Luis Dias ajralib turdi: to‘rtinchi gol urilgan vaziyatda u yuqoridan uzatmani ofsaydga tushmagan holda qabul qilib oldi va aldamchi harakat bilan Markiniosni yo‘ldan olib, olis burchakka kuchli zarba berdi.
Umuman, shu kuni Markinios Diasga ortiqcha qiyinchilik tug‘dira olmadi. Braziliyalik himoyachida yoshib o‘tib borayotgani sezilmoqda va u boshqa o‘yinlarda ham Ashraf Hakimi oldinga chiqib ketganida himoyaning o‘ng tomonini yolg‘iz yopa olmayapti. Uning Dias bilan duellaridan kamida bittasi «Bavariya»ning goliga olib kelgani ajablanarli emas.
Darvozabonlar qutqara olmagani – fakt, ammo, o‘yindagi to‘qqiz goldan faqat bittasida darvozabonga savol tug‘ilishi mumkin – Maykl Olise birinchi bo‘limda hisobni tenglashtirganida Matvey Safonov tavakkaliga o‘ng tomonga sakradi, to‘p esa markazdan bordi.
Standart vaziyatlar: 174 santimetrlik Nevesh yana boshi bilan gol urdi
«Bavariya» ham, «PSJ» ham YeChLda standart vaziyatlardan bir o‘yinda o‘rtacha 0,50 gol urib keladi. Ya’ni ularning o‘zaro o‘yinida gollardan kamida bittasi standart vaziyatdan urilishini kutish mumkin edi. Amalda esa ikki jamoa shunday vaziyatlardan bittadan gol urdi.
Avvaliga 174 santimetr bo‘yga ega Joau Nevesh bosh bilan burchakka aniq zarba yo‘lladi. Bu uning fishkasi hisoblanadi – u o‘tgan mavsumda ham ikki bor boshda shunda gollar urgandi, bu mavsumda ham ikkinchi golini urmoqda.
O‘tgan mavsumda «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda Nevesh markazda emas, himoyachilar ortiga ochilgandi. To‘p olis ustun tomon yetib borgan va hech kim qo‘riqlamayotgan Nevesh darvozani ishg‘ol etgandi.

Bu mavsumda «PSJ» yangi strategiyani qo‘llab ko‘rdi: Nevesh to‘p oshirilganida jarima maydoni markazidan yaqin ustun tomon yurdi va ta’qibchisidan ildamroq harakat qilib, zarba berdi. Bu kuzda «Lion»ga qarshi o‘yinda ish bergandi va endi «Bavariya»ga qarshi o‘yinda ham ish berdi.

Dayo Upamekanoning goli esa «Bavariya»ning odatiy ishlanmasi emasdi. Myunxenliklar odatda burchak zarbalaridan ko‘proq gol urishadi. Bu safar esa jarima zarbasidan oshirilgan to‘p himoyachining boshi orqali darvoza to‘riga borib tushdi.
Upamekano uchun bu mavsumdagi ikkinchi gol, birinchisi ham standart vaziyatdan, ammo burchak zarbasi orqali urilgandi.
Bu safar u to‘p oshirilayotganida tezlikni oshirib, to‘pga yetib bordi. Kimmihning uzatmasi ham ideal chiqdi.

Qarshi hujumlar – har ikki jamoa uchun superqurol
Xvicha, Dembele va Due Dias, Keyn va Olisega qarshi!
Ikki trio ham bo‘sh zonalarda harakatlanish bo‘yicha ajoyib sifatlarga ega. Ularda barcha komponentlar mavjud: katta tezlik, to‘pni ritmni yo‘qotmagan holda olib borish, bir-birini yaxshi tushunish va qanday ochilish yaxshiroq bo‘lishini to‘g‘ri topa olish.
Parijliklar va myunxenliklarning uchligi doim ham qarshi hujumlarda jazolash imkoniyatiga ega bo‘lishmadi. Lekin shunday imkoniyat tug‘ilganida bu borada raqiblarga dars o‘tib qo‘yishadi. Jamoadagi laterallar ham bunda yordam beradi.
Masalan, «PSJ»da qarshi hujumlardagi standart amaliyot – hujumkor uchlik bilan qo‘shimcha futbolchi oldinga borishi. Quyidagi kartinada bu vazifada Ashraf Hakimini ko‘rish mumkin.

«Bavariya» sxemasida esa Jamal Musiala oldindagi uchlikka juda yaqin joylashgandi, shu tufayli qarshi hujumlarda oldingi chiziq vakillari yetarlicha songa ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, mehmonlarda pressing orqali to‘pni olib qo‘yganda, «PSJ»ning mudofaa saflari buzilib ketishidan ham foydalanib, qanot himoyachilari ham navbatma-navbat hujumga qo‘shildi. Birinchi holatda Yosip Stanishich.

Keyin esa Alfonso Devis.

Kontrpressing ishlamadi
Parijdagi o‘yinda jamoalarning hech biri to‘p yo‘qotilgan holatlarda odatiy darajasini ko‘rsatmadi. Garchi ikki jamoa ham vaziyatlarga odatdagidek reaksiya qilishga uringan bo‘lsa ham.
Jamoalar muvaffaqiyatli kontrpressingning muhim shartlaridan birortasini bajarishmadi. Birinchidan, to‘pga uzoq vaqt davomida egalik qilingan oraliqlar ko‘p bo‘lmadi (bunday oraliqlar jamoalarga kerakli tartibda joylashish va ehtimoliy yo‘qotishlarga yaxshiroq tayyor turish imkonini bergan bo‘lardi).
Ikkinchidan, jamoalar barchasini odatiy algoritm bo‘yicha bajargan taqdirda ham, raqiblarining bosim ostidagi ajoyib o‘yini tufayli to‘pni qaytarib olishga qiynaldi. Jamoalarning 99,9 foiz qismida qaror qabul qilishdagi bunday tezlik va unikal texnik imkoniyatlar mavjud emas. Ko‘plab raqiblar kontrpressingdan cho‘chib ketishadi va vahimaga tushishadi. Bu o‘yinda esa jamoalarda kontrpressingga qarshi turish uchun juda mahoratli futbolchilar jamlangan edi.
Quyidagi suratda to‘p yo‘qotilgach, Devis Duega bosim uyushtirayotgani, Kimmih esa unga yordamga otlanganini ko‘rish mumkin.

Dezire esa bosimdan chiqib ketishi uchun atigi ikki teginish yetarli bo‘ldi, to‘pga ikkinchi teginishda u tovoni bilan Vitinya ochilayotgan zonaga pas berib yubordi.

Bunday vaziyatda ko‘pchilik futbolchilar bilan quyidagicha holat kechgan bo‘lardi: a) ko‘proq harakat va vaqt sarflanardi; b) shunchaki vahimaga tushib, to‘p yo‘qotilardi. Ko‘pchilikda kontrpressing muvaffaqiyatli chiqishi shu omillarga bog‘liq. Bu o‘yinda esa futbolchilar darajasi haddan tashqari yuqori, oddiy harakatlar – kam edi.
Maydon markazisiz o‘yin
O‘yin davomida qaysidir pallada, masalan, to‘p navbatdagi marta darvozabon tomonidan yuqorilatib oldinga yetkazilganida yoki qanotlar orqali tezkor qarshi hujumga chiqilganida, Vitinyaning boshiga shunday o‘y kelgan bo‘lishi mumkin: «Men maydonda nima qilyapman o‘zi?» Xuddi shunday holat Yozua Kimmihning ham xayolidan o‘tgan bo‘lsa ajab emas.
Vitinya va Kimmih – sof pleymeykerlar. Ular hujumlarni bosqichma-bosqich rivojlantirishni afzal ko‘rishadi. Kimmih bundesliga vakili ekanidan kelib chiqib, xaotik futbolda ham qatnasha oladi, ammo Vitinyaga bunday o‘yin juda begona.
Xaotik futbol tufayli «PSJ»da chiziqlar orasida tez-tez katta teshiklar yuzaga keldi.

Bu holat birinchi bo‘limdayoq, Olisening goli urilgan vaziyatda yaqqol bo‘y ko‘rsatdi. Maykl uchun tayanch zonasini ochib berishgandi.

Jarima maydoni oldidagi hududda bo‘sh himoyalanish – «PSJ»ning kam sonli yaqqol kamchiliklaridan biri bo‘ldi.
Vitinya o‘yinda atigi 48 ta aniq uzatma berdi, Kimmihda – 50. Boshqa biror oddiy o‘yinda raqamlar yuzdan oshgan bo‘lardi. Ammo bu «Bavariya» uchun ham, «PSJ» uchun ham klassik o‘yin emasdi. Bu oqshom o‘yin mulohazakor Vitinya va Kimmihga emas, balki faqat va faqat oldinga tashlanadigan tezkor Dias va Xvichaga asoslangandi.
Murabbiylar qo‘yib berishdi
Vensan Kompani va Luis Enrike – total dogmatiklar emas, ammo shunga yaqinroq. Ular asosan o‘z falsafasiga qat’iy rioya qilishsa-da, vaqti-vaqti bilan top o‘yinlardagi raqiblarga syurprizlar tayyorlashadi va moslashadi.
Aks holda muxlislar maxsus effektlar ishlatilgan to‘liq metrajli «otishma»ga emas, shunchaki vaqti-vaqti bilan hujumlarga o‘tilgan parchalarga guvoh bo‘lishi mumkin edi. Murabbiylardan qaysi biridir himoyaviy yurishlar va futbolchi almashtirishlar orqali «yong‘in»ni o‘chirishga harakat qilishi mumkin edi.
Lekin shu kuni Kompani va Enrike o‘z jamoalarining shunday o‘yindagi imkoniyatlariga ishonishdi va yorqin futbolda kim yaxshiroq ekanini aniqlab olishni xohlashdi.
***
Bunday shou – hujum chizig‘ining yuqori darajasini ko‘rsatadimi yoki uyatli himoyani? Unisi ham, bunisi ham. Ammo kuchli hujum omili baribir muhimroq.
«Bavariya» va «PSJ» – boshqa raqiblarga qarshi o‘yinlarda yaxshi himoyalanadigan va ko‘p hujumlarni o‘tkazmaydigan jamoalardir. Muammo shundaki, ular ma’lum bir tarzda himoyalanishga odatlangan: nazorat + pressing. Raqiblar safidagi unikal futbolchilar tufayli bu uslub ishlamadi.
Uyog‘iga noodatiy kartinada futbolchilarning to‘psiz harakatlanishdagi kamchiliklari namoyon bo‘la boshladi – ayniqsa, bunday futbolga o‘rganmagan yarimhimoyachilar va himoyachilarning kamchiliklari. Bu epizodlarning bir qismini uyat va sirk sifatida tavsiflash mumkin, ammo bunga olib kelgan voqealarning to‘liq ketma-ketligini tushunish muhimdir. Shouning asosiy sababi – jamoalarning hujum mexanizmlarining o‘ziga xosligi edi.
Bunday aql bovar qilmas o‘yindagi paradoksni tahlil qilayotganda vaziyatlardan foydalanishdagi aniqlikni ham hisobga olish muhim. 5:4 – futbol uchun noyob hisob. Vaziyatlar/zarbalar soni yuqori edi, ammo gollar soni kabi haddan tashqari ko‘p emas.
Endi barcha Myunxenda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi seriyani kutmoqda!
Mavzuga oid
12:33 / 26.04.2026
«Barsa»ga bir qadam qoldi, «Siti» yana bir finalda. Kun o‘yinlari
23:03 / 19.04.2026
«Bavariya» muddatidan oldin Germaniya chempionligini qo‘lga kiritdi
04:10 / 16.04.2026
«Real» turnirni tark etdi, «Arsenal» yarimfinalda. Kun o‘yinlari
02:10 / 15.04.2026